Kunchiqar mamlakat fuqarolari sayyoraning butun aholisi orasida eng yuqori hayot davomiyligi bilan ajralib turadi. Yaponiyada ayollar o‘rtacha 86 yoshgacha, erkaklar esa 79 yoshgacha umr ko‘radi, bu esa dunyoning istalgan boshqa rivojlangan mamlakati ko‘rsatkichidan yuqori, deb yozadi TravelAsk.

Foto: TravelAsk

Bu mamlakatga tashrif buyurgan ko‘pchilik sayyohlar yaponlar juda yosh ko‘rinishi, xushbichim va serg‘ayrat ekanligini ta’kidlaydi. Hatto keksa yoshli kishilar ham faol hayot kechiradi, velosipedlarda yuradi, sport o‘yinlari o‘ynaydi va o‘z yoshidan yosh ko‘rinadi.

Eslatib o‘tish joizki, yaponiyaliklarning aksariyati juda mehnatkash. Ular deyarli dam olish kunisiz ishlaydi, qonun bilan belgilangan har yillik ta’til davomiyligi esa 18 kun, bu ko‘rsatkich odatda sakkiz kundan oshmaydi. Yaponlar ancha ko‘p chekadi va muntazam spirtli ichimliklar iste’mol qiladi. Mamlakat 1945-yilda boshdan kechirgan Xirosima va Nagasaki yadro halokatlari, shuningdek, 2011-yilgi Fukusima sog‘lom va davomli hayot uchun hech qanday imkon tug‘dirmaydi.

Bularning bari dunyo olimlarini bu fenomen javobini topishga undadi. Va nihoyat, yaponcha uzoq yashashning ko‘p sonli tadqiqotchilari o‘z xulosalarini ommaga taqdim etdi. Barchasi yaponlarning hayot tarzida ekanligi ma’lum bo‘ldi.

Birinchi navbatda bu ovqatlanishning o‘ziga xos jihatlaridir. Yaponiyada taom tanovul qilish madaniyati ko‘p jihatdan to‘g‘ri ovqatlanish haqidagi kitoblardan tavsiyalarni eslatadi. Ular suv va ko‘k choyni ko‘p ichadi, taomni kichik porsiyalarda iste’mol qiladi hamda uzoq vaqt saqlanmagan va konservatsiya qilinmagan sarhil mahsulotlar tanovul qilishga harakat qiladi.

Yaponlar ratsionida baliq ko‘p miqdorda uchraydi, bu yangi baliq ekanligi ham katta ahamiyatga ega. Kunchiqar mamlakatning har bir fuqarosi yiliga o‘rtacha 68 kilogramm baliq iste’mol qiladi, bu boshqa mamlakatlarga qaraganda to‘rt martaga ko‘pdir. Bu omega-3 yarimto‘yinmagan yog‘ kislotalari, selen va yodning ajoyib manbasi bo‘lib, yurak-qon tomir tizimi va butun organizm sog‘lom ishlashi uchun yordam beradi. Biroq go‘shtni (mol go‘shti, parranda go‘shti) yaponiyaliklar Yevropa va amerikaliklarga qaraganda 2—3 marta kam iste’mol qiladi.

Foto: TravelAsk

Yaponlar ovqatlanishining ikkinchi o‘ziga xos jihati — bu yangi uzilgan meva va sabzavotlar, shuningdek, dengiz suv o‘tlarining ko‘p miqdorda tanovul qilinishi. Ularga juda kam issiqlik ishlovi beriladi. Bu mahsulotlar vitaminlar va minerallarga boy hamda deyarli kaloriyaga ega emas. Bundan tashqari, ular non deyarli iste’mol qilmaydi, buning o‘rniga guruch yeydi.

To‘g‘ri, yangi uzilgan va vitaminlarga boy mahsulotlardan tashqari, yaponiyaliklar yevropaliklarga qaraganda kamroq yeyishi bilan ham farqlanadi. Bu nafaqat porsiya hajmi, balki shirinlik miqdoriga ham taalluqli. Masalan, yaponcha pirojnoye Rossiyanikidan uch marta kichik. Albatta, ko‘k choyni ham eslab o‘tish lozim. Yaponiyaliklar ko‘k choyni ko‘p ichadi, u esa sog‘liq uchun foydali bo‘lib, immunitetni mustahkamlaydi. Ba’zan ular ko‘k choyni nafaqat ichadi, balki uning barglarini iste’mol ham qiladi. Ular suvni ham nafaqat chanqoq his qilganda, balki kun davomida ham ko‘p miqdorda ichadi. Yaponiyada, shuningdek, sog‘liqni mustahkamlash va umrni uzaytirishga qaratilgan oziq-ovqat qo‘shimchalari va vitamin komplekslari ko‘p miqdorda iste’mol qilinadi.

Foto: TravelAsk

Yaponcha hayot tarzining ikkinchi muhim tarkibiy qismi — bu yuqori faollik. Ular ko‘proq velosipedlarda va piyoda harakatlanadi, avtomobillarda esa yevropaliklarga qaraganda kamroq yuradi. Yaponlar, hatto keksalari ham golf-kroket o‘ynashni yoqtiradi. Tadqiqotlarda ishtirok etgan uzoq umr ko‘ruvchilar kuniga kamida 10 ming qadam yurishni tavsiya qiladi, bu esa taxminan olti kilometrga teng.

Foto: TravelAsk

Yaponiyaliklar hayotining uchinchi muhim tarkibiy qismi ularning atrof-muhitga munosabati va ichki xotirjamligidir. Yaponlar o‘z tabiati bilan uyg‘unlikda yashaydi, mashhur yapon bog‘lari va bonsaylar ham o‘tmish qoldig‘i emas. Katta avlod yaponlarning aksariyati hovlisida yoki deraza tokchasida sevimli daraxtiga ega bo‘lib, ularga g‘amxo‘rlik qilish uchun ancha ko‘p vaqt sarflaydi. Ularning butun mavjudligi tabiatga g‘amxo‘rlik bilan sug‘orilgan, axir maydoni kichikroq bo‘lgan hududda 125 milliondan ortiq odam yashaydi va mamlakatni kelajak avlod uchun saqlash maqsadida tabiatni himoya qilish uchun juda ko‘p ish qiladi.

Foto: TravelAsk

Kunchiqar mamlakat uzoq umr ko‘ruvchi fuqarolari o‘zi va atrofdagilar bilan uyg‘unlikda bo‘lish uchun qanday to‘g‘ri yashash haqida tavsiyalar beradi. Ular ko‘proq jilmayish, ezgu ishlar qilish, bolalardan quvonish va pul yoki moddiy boyliklar yetishmovchiligidan qayg‘urmaslikni tavsiya qiladi. Keksa yaponlar, shuningdek, hayot bergan hamma narsani minnatdorlik bilan qabul qilish va odamlardan xafa bo‘lmaslikni tavsiya etadi. Ehtimol, yaponiyaliklarga juda ham keksalikka qadar yashash imkonini beruvchi eng muhim narsa — bu hayotga bo‘lgan muhabbatdir.

Foto: TravelAsk