Nigeriya shimoli-sharqida BMT Jahon oziq-ovqat dasturi kolonnasiga qurolli hujum oqibatida to‘rt kishi halok bo‘ldi. Bu haqda 17-dekabr, yakshanba kuni Reuters agentligi ma’lum qildi, deb yozadi “TASS”.
Favqulodda hodisa 16-dekabr, shanba kuni mamlakat shimoli-sharqida Borno shtatidagi Ngala aholi punkti yaqinida, kolonna Nigeriya harbiylari qo‘riqlovi ostida harakatlanayotganda, yuz bergan.
“Hodisa oqibatida to‘rt kishi, jumladan, yuk mashinasi haydovchisi va uning yordamchisi halok bo‘lgan”, — deyiladi tashkilot bayonotida.
Nigeriyaning Daily Post gazetasi ma’lum qilishicha, kolonnaga “Boko Haram” terrorchilik tashkiloti jangarilari hujum qilgan. Terrorchilar to‘rt kishini o‘ldirgandan so‘ng yuk mashinalaridan biriga o‘t qo‘ygan, shuningdek, uch kishi va gumanitar yordam olib ketayotgan mashinani o‘g‘irlagan.
Izoh (0)