O‘zbekistonda qamoqdan ozod qilingan sobiq mahbuslarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatiladi. Bu Vazirlar Mahkamasining 5-dekabrdagi qarorida nazarda tutilgan, deb xabar beradi Norma.
2018-yil 1-aprelidan boshlab sobiq mahbuslar o‘z xohishiga ko‘ra shunday yordam so‘rab murojaat etishi mumkin bo‘ladi.
Murojaat etgan sobiq mahbus hisobga qo‘yiladi, uning shaxsi, sog‘lig‘i, ma’lumoti, hayotiy vaziyati o‘rganiladi, shundan so‘ng mintaqaviy bandlikka ko‘maklashish markazi tomonidan uning uchun individual dastur ishlab chiqiladi.
Dasturni tayyorlashda shaxsning quyidagi ijtimoiy-huquqiy yordam turlariga muhtojligi aniqlanadi:
- ishga joylashtirish;
- tibbiy xizmatlar;
- huquqiy yordam ko‘rsatish, shu jumladan:
- yuridik ahamiyatga ega hujjatlarni rasmiylashtirish;
- ijtimoiy yordam huquqi, ijtimoiy ta’minot yuzasidan yuridik maslahat;
- kasb-hunar tayyorgarligi bo‘yicha yordam;
- agar shaxsning uyi bo‘lmasa — vaqtincha yashash joyini aniqlash uchun tuman yoki shahar hokimiyatiga tegishli hujjatlar tayyorlash;
- boshqa turdagi yordam.
Yordam olayotgan shaxs oyiga bir marta tegishli bandlikka ko‘maklashish markaziga kelishi lozim.
Izoh (0)