IShID terrorchilari Xitoyning DJI kompaniyasi tomonidan oddiy fuqarolarga mo‘ljallab ishlab chiqarilgan X8 uchuvchisiz boshqariladigan qurilmasidan razvedka va bombardimon qilishda foydalanmoqda. Bu haqda Financial Times gazetasiga tayanib, “TASS” xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, terrorchilar ushbu dronlarga ikki metr keladigan qanotlar o‘rnatgan. Bir necha o‘n kilometr masofa uchishga qodir qurilmadan aerosuratkashlik ishlarida foydalanilmoqda, u umumiy o‘g‘irligi 40 kilogrammgacha yetadigan portlovchi moddalarni tashishga qodir. 2016-yil oktabr oyida Mosul yaqinidagi to‘g‘onda bunday qurilma oqibatida ikki kurd jangchisi halok bo‘lgan va yana ikki fransuz maxsus kuchlarining xodimi jarohatlangan edi.
DJI vakillaridan birining so‘zlariga ko‘ra, harbiy maqsadga mo‘ljallangan dronlardan foydalanish va ishlab chiqish qat’iy ravishda tartibga solingan. Fuqarolar uchun ishlab chiqarilgan dronlarni esa nazoratga olish qiyin. “Ishlab chiqaruvchi sifatida biz undan qay yo‘sinda foydalanilayotganini nazorat qila olmaymiz”, — deya ma’lum qildi Xitoy kompaniyasi.
Ishlab chiqaruvchilarning so‘zlariga ko‘ra, samolyotlardan bunday maqsadlarda foydalanish “g‘ayrinsoniy xatti-harakatlar” va “texnologiyalardan jinoyat yo‘lida foydalanish” hisoblanadi.
IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.
Izoh (0)