5-dekabr kuni “Turkiston” saroyida “Sen yolg‘iz emassan” jamg‘armasining 15 yilligi munosabati bilan konsert dasturi o‘tkazildi, deb xabar beradi UzDaily.

Foto: UzDaily

Bayram dasturi Xalq ta’limi vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Toshkent shahar hokimligi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Konsertda mehribonlik uylarining 500 dan ortiq tarbiyalanuvchilari, shuningdek imkoniyati cheklangan bolalar ishtirok etdi. Bayram dasturida bolalarning qobiliyatini namoyon etuvchi chiqishlar tayyorlandi.

Konsertda bolalar tomonidan xorazmcha, ispancha raqslar va qo‘shiqlar ijro etildi. Tomosha yakunida bolalar “Sen yonimda bo‘lasan” deb nomlangan qo‘shiqni kuyladi.

“Sen yolg‘iz emassan” jamg‘armasi 2002-yilda boquvchisini yo‘qotgan va imkoniyati cheklangan bolalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan.

Jamg‘armaning 15 yillik faoliyati mobaynida kam ta’minlangan oilalarning farzandlari, ota-onasini yo‘qotgan va imkoniyati cheklangan 10000 nafar bolalar tibbiyot, ta’lim, ijtimoiy moslashuv va yuridik ko‘mak sohalarida yordam olgan.