Qo‘shma Shtatlar Isroil hukumatidan Vashingtonning Quddusni poytaxt sifatida tan olishiga munosabat bildirishda bosiqroq bo‘lishni so‘radi. Bu haqda 6-dekabr kuni Davlat departamentining tegishli hujjatiga tayanib, Reuters agentligi xabar bermoqda, deb yozadi “TASS”.

Foto: Kremlin Press

Unda AQSh salbiy reaksiyani o‘rganayotgani hamda amerikaliklar va mamlakat aktivlariga potensial tahdidga baho berayotganligi ta’kidlanadi.

“Bu yangilikni ommaviy ma’qullashingizni e’tirof etsak-da, sizdan rasmiy munosabat bildirishda bosiqroq bo‘lishni so‘raymiz, — deydi amerikalik diplomatlar isroillik hamkasblariga. — Bu yangiliklarga Yaqin Sharq va butun dunyoda qarshiliklar ko‘rsatilishini kutayapmiz. Biz hali ham bu qaror Amerika obyektlari va xodimlarga (diplomatik boshqarma) qanday ta’sir ko‘rsatishini baholamoqdamiz”.

Agentlik, shuningdek, Davlat departamenti Yevropa elchixonalariga yuborgan tezislarni keltiradi. Ularda boshqarma Vashington o‘z qarori bilan Quddusning “yakuniy maqomi”ni oldindan belgilamaganligi, buni Isroil va Falastin tinchlik bitimi doirasida ishlab chiqishi lozimligini ta’kidlaydi.