Meduza o‘zlari tashlab ketgan qizi bilan 22 yildan so‘ng uchrashgan ota-ona haqida hikoya qiladi.
1995-yilda Xitoyning Suchjou shahrida qizaloq — Szinchji dunyoga keldi. Tug‘ruq jarayoni kimsasiz kanaldagi suzuvchi uyda o‘tdi: qizning ota-onasi hukumat bola haqida bilishini istamadi. Szinchji oiladagi ikkinchi qiz edi, o‘sha vaqtda Xitoyda “bitta oila — bitta bola” siyosati amal qilar edi. Kambag‘allarga bittadan ortiq bolaga ruxsat berilmas edi.
Qizaloqning otasi Syuy Lida uni mahalliy bozorga olib bordi va xat bilan tashlab ketdi. “Qizimiz Szinchji 1995-yil oy kalendarining yettinchi oyi 24-kuni tonggi 10:00 da dunyoga keldi. Kambag‘allik sababli uni tashlab ketishga majburmiz. Oh, otalar va onalarning baxtsiz yuragi! Jajji qizalog‘imizni qutqarganingiz va unga g‘amxo‘rlik qilganingiz uchun rahmat. Agar bir-birimiz uchun yaratilgan bo‘lsak, falak 10 yoki 20 yildan keyin Xanchjoudagi Buzilgan ko‘prikda Hakka bayrami arafasida uchrashishni nasib qilsin”.
Maktubda Xitoy folkloriga bir yo‘la ikki havola berilgan. Hakka bayrami cho‘pon o‘z sevgilisi bilan uchrashishi mumkin bo‘lgan yagona kundir. U oy kalendarining yettinchi oyi yettinchi kunida nishonlanadi. Buzilgan ko‘prik oq ilon haqidagi poemada bor — unda sevishganlar ilk bor uchrashadi.
Qizni 1996-yilning yozida Michigandan amerikalik Poler oilasi asrab oldi. Unga Ketrin Su Poler deb ism berishdi. Xitoyda amerikaliklar qizaloq bilan birga uning ota-onasi maktubini ham oldi. Tarjimon uni o‘qib berayotganda yig‘lab yubordi.
Qiz ikki akasi bilan birga ulg‘aydi. Asrab olgan ota-onasi qizning o‘zi so‘raguniga qadar unga o‘tmish haqida hikoya qilmaslikka qaror qiladi.
Bola dunyoga kelgandan 10 yil o‘tgach, Syuy Lida va uning rafiqasi Syan Densyan Buzilgan ko‘prikka yo‘l oladi. Ular tongdan kunduzgi to‘rtga qadar tashlab ketilgan qizlari ismi yozilgan taxtacha bilan ko‘prikda turishdi, biroq hech kim ularga yaqinlashmadi. Ular Poler oilasi do‘sti Enni Vudan ko‘prikka borib, uchrashuvga kimdir kelish-kelmasligini aniqlashni iltimos qilganidan bexabar edi. Vu to‘rtdan biroz kechroq keladi va qiz ota-onasini ko‘ra olmaydi.
Enni Vu ko‘prikda suratga olish guruhini ko‘rib qoladi va ulardan qizning ota-onasi bo‘lishi mumkin bo‘lgan ikki kishini ko‘rgan-ko‘rmaganligini so‘raydi. Jurnalistlar suratga olingan kadrni qayta ko‘zdan kechirib, taxtacha ushlagan ikki kishini ko‘radi. Jurnalistlar ayol nega bu odamlarga qiziqib qolganligini bilgandan so‘ng bu voqea mahalliy sensatsiyaga aylandi. Telekanal xodimlari Enni Vuga Szinchjining ota-onasini qidirib topishga ko‘maklashdi va Enni ularga amerikalik oila maktubini berdi. Unda bir nechta surat va qizcha Michiganda yashayotgani haqida qisqa ma’lumot bor edi.
Shundan so‘ng Poler oilasi Enni Vuga Ketrinning biologik ota-onasi bilan muloqot qilishni to‘xtatishni aytdi. Ular esa, o‘z navbatida, qizlari asrab olgan ota-onasini savolga tutib, oxir-oqibat Xitoyga kelishiga umid qilib, har yili ko‘prikka kela boshladi. Bu voqeaga hujjatshunos Chan Chanfu qiziqib qoldi. U xitoylik oilaga amerikaliklarni qidirib topishga urinib ko‘rishni taklif qildi va u maktubdagi juda oz ma’lumotga qaramasdan bunga erishdi. U qo‘shimcha ma’lumotni asrab oluvchi oilalar forumidan topdi. U amerikalik oila bilan bog‘langanda, ular yana qizga biologik ota-onasi haqida o‘zi so‘ramaguncha aytishdan bosh tortdi.
2016-yilda 21 yoshli Ketrin Poler Ispaniyaga o‘qishga jo‘nashga tayyorlana boshladi. U ota-onasiga u yerda uning amerika-xitoycha kelib chiqishiga qiziqishlari mumkinligini aytib, o‘tmishi haqida so‘zlab berishni so‘radi. Ketrinning so‘zlariga qaraganda, bu paytda u asrandi ekanligidan xabardor bo‘lgan. Onasi uning haqiqiy ota-onasi kim ekanligini bilishini ma’lum qildi. Ketrinning hikoya qilishicha, u shokka tushgan va asrab olgan ota-onasining jimligini xiyonat sifatida qabul qilgan.
Ketrin Poler biologik ota-onasi bilan imkon boricha tezroq uchrashishga qaror qildi. U hujjatshunos Chan Chanfuning bu ushrashuv uning filmi bir qismi bo‘lishiga rozilik bildirdi. Ular dastlab uni qoldirib ketishgan bozorni suratga olish uchun qiz dunyoga kelgan Suchjou shahriga yo‘l oldi. Biologik ota-onasi bu haqda hech narsa bilmasligi va odatga ko‘ra Hakka bayramida ko‘prikka kelishi kerak edi. Biroq Poler oilasining do‘sti Enni Vu ularni qizining kelishi haqida ogohlantirdi va ular Suchjouga yetib keldi. Dramatik lahzani buzib qo‘ymaslik uchun ularga qizi bilan uchrashish imkoni berilmadi.
Nihoyat, 2017-yilning avgustida — 22 yildan so‘ng Syuy Lida va Syan Fensyan o‘z qizini Hakka bayramida Buzilgan ko‘prikda uchratdi, deyarli maktubda kelishilgandek. Syuy Lida ho‘ngrab yig‘lardi.
Ketrin biologik ota-onasi bilan ikki kunni o‘tkazdi, opasi bilan bir xonada yashadi. “Ularni ko‘rish yoqimli edi. Xitoylik onamning emotsionalligidan hayratga tushdim, — hikoya qiladi Ketrin. — U birinchi navbatda menga ‘Juda ozg‘insan, ko‘proq yeyishing kerak’ dedi”.
Syuy Lida va Syan Fensyan Amerikada ota-ona ismi bilan chaqirilgani sababli Ketrin ularni ona va ota demaganidan xafa bo‘ldi. “Axir bu to‘g‘rimi?”, — hayratga tushadi Syuy Lida.
Ketrin Poler Xitoyga borgunga qadar xitoylik ekanligini faqat jismonan his qilganligini tan oladi. “Endi bu hissiyot chuqurlashdi. Tug‘ilgan joyimga yaqinroq bo‘lganim yaxshi. Biroq men ulg‘aygan joyimga xosman, Osiyoga xoslik menda ko‘p emas”, — deydi Ketrin.
“Ularni yana ko‘rish, aloqada bo‘lishni istardim. Biroq katta savol bor: ular men uchun kim? Hatto ularni qanday atashni bilmayman”, — deydi Ketrin.
Izoh (0)