28-noyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Paxtachilik tarmog‘ini boshqarish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zAda keltirildi.
Hujjatga keltirilgan sharhlarda aytilishicha, mamlakatda paxta tozalash korxonalarini modernizatsiyalash va texnik qayta jihozlash, ishlab chiqarish va paxta xomashyosini qayta ishlash rentabelligini, shuningdek, ishlab chiqariladigan mahsulotlarning raqobatbardoshliligini oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilayotganiga qaramasdan, paxtachilik tarmog‘ining jadal rivojlanishiga to‘siq bo‘layotgan bir qator muammo va kamchiliklar saqlanib qolmoqda. Ular qatorida, birinchi navbatda, xomashyoni qabul qilish, tashish va qayta ishlash, shuningdek, tayyor mahsulotlarni realizatsiya qilishda hisobga olish va nazorat tizimining mavjud bo‘lmasligiga olib kelgan zamonaviy texnologiyalarning yetarlicha joriy etilmaganligini aytish mumkin.
Ishlab chiqarishni diversifikatsiyalash bo‘yicha choralarning ko‘rilmaganligi ishlab chiqarish quvvatlarining ancha qismi bekor turishiga va iqtisodiy yo‘qotishlarga olib kelmoqda. Paxtachilik tarmog‘i korxonalarini boshqarish tizimini, qishloq xo‘jaligi korxonalari bilan o‘zaro munosabatlarning uslublarini takomillashtirish talab etilmoqda.
Shu kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida, shuningdek, tarmoq boshqarish tizimini tubdan takomillashtirish, yuqori qo‘shilgan qiymatli raqobatbardosh tayyor mahsulot ishlab chiqarishni kengaytirish, ularni yirik xorijiy bozorlarga yanada olib chiqish zaruratini hisobga olib, ushbu qaror qabul qilindi.
Qarorga muvofiq “O‘zpaxtasanoat” va “O‘zpaxtaeksport” aksiyadorlik jamiyatlarini birlashtirish, shuningdek, “O‘zpaxtasanoateksport” xolding kompaniyasini tugatish asosida paxtachilik tarmog‘i uchun mas’ul bo‘lgan yagona tashkilot — “O‘zpaxtasanoat” aksiyadorlik jamiyati tashkil etildi. Yog‘-moy tarmog‘ini rivojlantirishning maqbul yo‘llarini belgilab olish maqsadida “O‘zpaxtayog‘” aksiyadorlik jamiyati ushbu tizimdan ajratib chiqarildi.
Qaror bilan paxtachilik tarmog‘ida ishlab chiqarish jarayonlarini yanada yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar nazarda tutilmoqda. Xususan, paxta xomashyosini qabul qilish, to‘ldirish, saqlash va qayta ishlashning texnik vositalari va uslublari yaxshilanadi. Paxta tozalash korxonalari zamonaviy o‘lchov vositalari, laboratoriya uskunalari, paxta xomashyosini qabul qilishda inson omilining rolini pasaytiradigan eng yangi axborot texnologiyalari bilan jihozlanadi.
Mazkur chora-tadbirlar paxta xomashyosini qabul qilish, tashish, qayta ishlash va tayyor mahsulotlarni realizatsiya qilish ustidan samarali hisobot va nazorat tizimini joriy etishga qaratilgan bo‘lib, qo‘shib yozish va aniq ma’lumotlarni boshqacha tarzda buzib ko‘rsatish holatlarini istisno qiladi.
O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Sifat” paxta tolasini sertifikatlash markazi “O‘zstandart” agentligi tuzilmasiga o‘tkazildi. Hozirgi kunga qadar 1,2 ming nafardan ortiq xodimi bo‘lgan “Sifat” markazi va 1,5 ming nafar xodimga ega “O‘zstandart” agentligi o‘zaro o‘xshash faoliyatni tashkiliy bo‘ysunuvsiz, mustaqil ravishda amalga oshirib kelgan.
Bundan tashqari, paxtachilik tarmog‘ida moliya intizomini mustahkamlash maqsadida Moliya vazirligining Davlat moliyaviy nazorati bosh boshqarmasiga paxta tozalash korxonalarida hisobga olish va hisobotning haqqoniyligi ustidan nazoratni amalga oshirish vazifasi yuklatildi.
Izoh (0)