27-noyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Abdug‘aniyevich Karimov tavalludining 80 yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zAda keltirildi.
Hujjat asosida Islom Karimov tavalludining 80 yilligini nishonlash bo‘yicha tashkiliy qo‘mita tarkibi tasdiqlandi. Tashkiliy qo‘mita ushbu sanani nishonlash bo‘yicha tadbirlar rejasini ikki hafta muddatda ishlab chiqishi belgilandi.
Tadbirlar rejasida quyidagilar nazarda tutiladi:
2018-yil yanvar oyida Samarqand shahrida Islom Karimov xotirasiga atab bunyod etilgan maqbara majmuasini ochish;
Qarshi shahrida Islom Karimov xotirasiga bag‘ishlab haykal o‘rnatish va tantanali ochilish marosimini o‘tkazish;
“O‘zbekkino” Milliy agentligi tomonidan Islom Karimov hayoti va faoliyati haqida hujjatli film yaratish;
O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi tomonidan “O‘zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyida “O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov faoliyati xronikasi (solnoma)” kitobini, “Ma’naviyat” nashriyotida Islom Karimovning “Yoshlar bugungi va ertangi hayotimizning hal qiluvchi kuchidir”, “Yuksak ma’naviyat — yengilmas kuch” asarlarini, shuningdek, “Prezidentga maktublar” kitobini nashr etish hamda belgilangan tartibda ta’lim maskanlari, axborot-resurs markazlari, madaniy-ma’rifiy muassasalar va mahallalarga yetkazish;
Samarqand shahrida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi, Islom Karimov nomidagi Respublika xayriya jamoat fondi bilan birgalikda “Islom Karimov — O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining asoschisi” mavzuida xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkazish;
2018-yilning I choragida “Islom Karimov xotirasiga bag‘ishlangan eng yaxshi ilmiy-ommabop maqola” tanlovini yakunlash va uning g‘oliblarini taqdirlash;
ta’lim muassasalari, harbiy qismlar, mehnat jamoalari va mahallalarda taniqli adib va olimlar, turli soha mutaxassislari ishtirokida O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti xotirasiga bag‘ishlangan uchrashuvlar tashkil etish.
Tashqi ishlar vazirligi yubiley tadbirlarida xorijiy mehmonlar, olimlar va ekspertlar ishtirokini ta’minlashda hamda ularga respublikaga kirish vizalarining konsullik va boshqa yig‘imlar undirilmasdan rasmiylashtirilishida amaliy yordam ko‘rsatadi.
Nihoyat, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari yubiley tadbirlarini o‘tkazish bo‘yicha zarur tashkiliy chora-tadbirlarni ikki hafta muddatda ishlab chiqishi va ularning o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta’minlashi belgilandi.
Izoh (0)