30-noyabr kuni Venada OPEKning hamkor mamlakatlar, xususan, Rossiya ishtirokidagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi, deb yozadi Meduza. Unda, katta ehtimol bilan, neft qazib olishga nisbatan cheklovni yana bir yilga uzaytirish haqida qaror qabul qilinadi. Xavyer Blas va Yelena Maznevaning Bloomberg’da e’lon qilingan maqolasida ta’kidlanishicha, bunda hal qiluvchi rolni endi saudiyaliklar emas, balki Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘ynaydi.

Foto: Meduza

Bir yil avval OPEK so‘nggi 15 yilda ilk bor neft qazib olish hajmini cheklash borasida kartelga a’zo bo‘lmagan davlatlar bilan kelishuvga erishgan edi. Qazib olish hajmini kamaytirishga hatto Rossiya ham rozi qilingan edi. Bu, yetakchilik roli asosan Saudiya Arabistoni (jahondagi eng ko‘p neft qazib oluvchi mamlakat)ning qo‘lida bo‘lgan tashkilotga sakkiz yillik inqirozdan chiqib ketish imkonini berdi — hamkor mamlakatlar ko‘pdan beri hatto bir-biri bilan ham til topisha olmay qolgan edi. Rossiya o‘z majburiyatini bajardi va yarim yildan beri neft qazib olish hajmi belgilangan miqdorda turibdi (ya’ni, sutkasiga taxminan 11 million barrel).

“Putin endi jahonning energetika podshohiga aylandi”, — deya Markaziy razvedka boshqarmasining sobiq tahlilchisi Xelima Kroftdan iqtibos keltirmoqda Bloomberg. Putinning kelishuv uzaytirilishi haqidagi birgina imosi (Saudiya Arabistoni podshohi Salmon ibn Abdulaziz as-Saudning Moskvaga tashrifi arafasida bo‘lgandi bu ishora) ham OPEK, ham boshqa ishtirokchi mamlakatlar hujjatlarni tayyorlashga kirishishi uchun yetarli bo‘ldi (neft narxi esa shu zahoti yuqoriladi). Va bu (OPEKga a’zo bo‘lmagan) boshqa davlatlar o‘ziga belgilangan kvotalarni bajarishiga rasmiy Ar-Riyod ishonchi komil bo‘lmagan bir vaqtdagi vaziyat.

Rossiya narxlar hozirgi darajada bo‘lishi uchun belgilangan cheklovda qolishga tayyor: 2016-yilgi kelishuvdan so‘ng bir barrel neftning narxi 45 dollardan 63 dollargacha ko‘tarilgan edi. Narxning bundan ham yuqori o‘sishi Rossiya uchun ko‘p ham foydali emas: neft qanchalik qimmat bo‘lsa, rubl qadri shuncha o‘sadi, bu esa eksportdan kelayotgan daromadni qisqartiradi.

Saudiya Arabistoni jahondagi eng ko‘p neft eksport qiluvchi mamlakat sifatida Rossiya manfaatlariga quloq tutishga rozi, chunki podshohlikning o‘zi ham hozir murakkab bir ahvolda. Korrupsiyaga qarshi kurash doirasida podshoh oilasi a’zolarining ommaviy ravishda hibsga olinishi shunga olib keldiki, Ar-Riyod neftning yuqori narxlari saqlanib qolishidan juda manfaatdor. Saudiyadagi islohotlar muallifi shahzoda Muhammad bin Salmon taqdiri mamlakat iqtisodiyotining barqarorligiga bevosita bog‘liq bo‘lib qolgan.

“Bu kelishuv hamma uchun foydali. Saudiyaliklarga neft qazib oladigan va bozorga o‘z ta’sirini o‘tkaza oladigan yirik hamkor kerak. Rossiyaga esa Yaqin Sharqda geosiyosiy va iqtisodiy ta’sirga ega bo‘lish uchun ham qazib olish cheklovlariga amal qilish muhim ahamiyatga ega”, — deydi Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi xodimi Edvard Chou.