Angliyaning “Manchester Siti” klubi Yevropa Chempionlar Ligasidagi qoqilishsiz yurishini davom ettirdi.
Gollandiyada “Feyenoord” darvozasiga javobsiz 4 ta gol urgan “shaharliklar”, javob o‘yinida 1 ta gol farqi bilan zafar quchdi. Bellashuv yakuniga 2 daqiqa vaqt qolganida Rahim Sterling jamoasiga g‘alaba keltirgan golni kiritdi.
Shu tariqa “Siti” 5 ta o‘yinda 15 ochko jamg‘arib, 100 foizlik natija qayd etib turibdi. Hozirgacha 4 tadan o‘yinda maydonga tushgan “Yunayted” va “PSJ” klublari ham ochko yo‘qotib ulgurmagan.
Guruhdagi ikkinchi bellashuvda Neapolning “Napoli” klubi “Shaxtyor”dan alamini oldi. Tomonlarning Ukrainada kechgan o‘yinida “konchilar” 2:1 hisobida zafar quchgandi. Javob o‘yinida “Napoli” yirik — 3:0 hisobida g‘alaba qozondi.
“Shaxtyor” so‘nggi turni o‘z uyida “Siti”ga qarshi o‘tkazadi. Mazkur bellashuvdagi 1 ochko ham ukrain klubini pley-off sari yetaklaydi. “Siti” allaqachon guruh peshqadamligini hal qilib qo‘ygan. “Napoli” keyingi bosqichga yo‘l olishi uchun “Shaxtyor” mag‘lub bo‘lishi, o‘zi esa g‘olib chiqishi kerak bo‘ladi.
Yevropa Chempionlar Ligasi “F” guruhi. 5-tur o‘yinlari 21-noyabr, seshanba
Izoh (0)