“Qashqadaryo ziyokori” gazetasining “Bir shikoyat izidan” ruknida “Kim haq? Sobiq direktormi yoki filial rahbari, yoxud xatni o‘qimasdan imzo chekkan boshqarma boshlig‘imi?” sarlavhali maqola chop etildi. Uni to‘lig‘icha keltirib o‘tamiz.
Tahririyatimizga Qarshi tuman Qoratepa xizmat ko‘rsatish va servis kasb-hunar kollejida qariyb 30 yil davomida rahbarlik qilib kelgan sobiq direktor, Oliy va O‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi a’lochisi Shomil Adilovdan shikoyat xati kelib tushdi. Tan olish kerak, dastlab uzoq yillar davomida ta’limda suyagi qotgan rahbarning kimningdir ustidan arz qilishi biroz erish tuyuldi. Uzoq yillar davomida ta’limning “noni”ni yegan, o‘rta-maxsus kasb-hunar ta’limi tizimida ko‘plab shogirdlarga ustozlik qilgan ta’lim fidoyisiga yarashmaydigan hol, deya xulosa qilganimiz ham bor gap, albatta. Shu bois ham murojaatga bo‘lgan qiziqishimiz tobora ortib bordi. Ajabo, tizimda ustoz sifatida e’zoz va ehtiromga munosib bunday insonning qo‘liga qalam tutishiga nima sabab bo‘ldi ekan?
Gazetxonga biroz bo‘lsa-da, tushunarliroq bo‘lishi uchun dastavval voqealar tafsilotiga to‘xtalib o‘tsak. Ma’lum bo‘lishicha, Qoratepa xizmat ko‘rsatish va servis kasb-hunar kolleji 1990-yildan boshlab, avval “SPTU” keyinchalik esa kasb-hunar kolleji sifatida faoliyat yuritadi.Ta’lim dargohi ochilganidan buyon direktor sifatida ishlab kelayotgan Shomil Adilov mazkur kollejning “Dasht” filialiga rahbar etib tayinlangan Anvarmirzo Qudratov bilan bo‘lgan kelishmovchiliklar boismi, o‘z arizasiga muvofiq (Sh.Adilovning ta’kidlashicha, uni ariza yozishga majbur qilishgan. Bu haqda maqolamiz davomida) 2017-yilning 20-iyulida Oliy va O‘rta-maxsus ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari, Markaz direktori M.Xolmuhammedovning buyrug‘iga asosan o‘z vazifasidan ozod etiladi. Alal oqibat sobiq direktor ta’limni rivojlantirish uchun naq yigirma sakkiz yil davomida jonini jabborga berib ish olib borganiga javoban bu taqlid ishdan olinishini hazm qilolmaydi. Natijada, mutasaddi tashkilot rahbarlariga takror-takror bo‘lsa-da, murojaat qilishga, o‘zining ta’biricha huquqi, obro‘-e’tibori, qadri poymol bo‘layotganligini isbotlashga kirishadi.
Sobiq direktorning nazdida kollejning “Dasht” filialiga viloyat O‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi boshqarmasi boshlig‘ining 15-oktabr sanasidagi buyrug‘iga asosan Anvarmirzo Qudratovning rahbar etib tayinlanishi mash-mashaning debochasi bo‘lib xizmat qilgan. “Hammasi o‘shandan boshlandi, — deydi Shomil Adilov. Qonunchiligimizga muvofiq aslida filial rahbari o‘sha kollej direktorining tavsiyasi asosida tayinlanishi kerak edi. Chunki filialga rahbar etib tayinlanadigan kishi o‘sha qishloq muhitini, aholisini, mentalitetini, shart-sharoitini yaxshi biladigan kishi bo‘lishi lozim-da. Ammo bu tartib va tamoyilga o‘sha paytda negadir amal qilinmadi”, — deya o‘z fikrlarini bildiradi Shomil Adilov.
Mazkur holat bilan tanishar chog‘i filialga Anvarmirzo Qudratov tayinlanishidan ilgari kollej direktori Shomil Adilovning 2016-yil 5-iyuldagi ichki buyrug‘iga asosan Fatxulla Yo‘ldoshevning vaqtincha rahbar etib tayinlanganligi-yu, Erkin Mustafoyevga filial rahbarining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi nasib etganligidan ham voqif bo‘ldik. Xo‘sh, aslida qonunchiligimizga muvofiq kollej direktori ichki buyruq asosida vaqtincha filialga rahbar tayinlash vakolatiga egami? Kollejlar boshqarmasi-chi, filial rahbarini kollej direktorining tavsiyasiga muvofiq tayinlashi kerakmi? Bu kabi savollarimizga javob olish ilinjida viloyat O‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi boshqarmasi huquqshunosi Niyoz Pardayevga yuzlanganimizda to‘g‘risi, dastlabki savolimizga tayinli javob ololmadik. Boshqarma huquqshunosi goh mumkin, goh esa mumkin emas, “Nizom”ga qarang, — deyishdan nariga o‘tmadi. Filial rahbarini tayinlash haqidagi savolimizga esa: “Yuqori tashkilot vakolatiga kiradi. Shu boisdan ham kollej direktorining tavsiyasi talab etilmaydi. Demakki, filial rahbarini tayinlashda kollej rahbaridan tavsiya olishga hech qanday hojat yo‘q”, — deya javob berdi.
Tahririyatga taqdim etilgan kollej Kasaba uyushmasining 2016-yil 22-noyabr kunidagi yig‘ilish Bayonining “tilga kirishicha” Anvarmirzo Qudratov faoliyatining ilk kunlaridan boshlab kollej direktori Shomil Adilovni obro‘sizlantirishga harakat qilib keladi. Uni jamoat joylarida haqoratlab, obro‘sini to‘kishga intiladi. Kollejning tarix fani o‘qituvchisi Shahobiddin Qambarovning ta’kidlashicha, direktorga hatto har xil laqab ham qo‘yishga jazm etadi. Bu ham yetmaganidek, direktorning xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Xolboy Salomovga qo‘ng‘iroq qilib, “Shomil Adilovning “qulog‘i”san”, — deya kollej direktorining sha’niga nomutanosib so‘zlar aytadi. Shuningdek yig‘ilishda hozirda kollej direktori sifatida faoliyat yuritayotgan Anvar O‘tkirov so‘z olib, o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari bo‘lgan kezlari Shomil Adilov bilan filialga ish yuzasidan borib turishini, saylov jarayoniga tayyorgarlik ishlari bilan tanishish maqsadida filialga borishganida filial rahbari Anvarmirzo Qudratov Sh.Adilovga “Qachongacha bunday qilasiz, qachon bu ishlaringizni to‘xtatasiz”, — deya baland ohangda gapirganligini, domla poraxo‘r, farroshlarni pora olib ishga olgan, degan gapiga guvoh bo‘lganligini, shunda A.Qudratovga e’tirozini bildirib, gaplari noo‘rin ekanligi-yu, rahbarning yoshini hurmat qilishi lozimligini aytganligi haqida gapiradi. Yanayam ajablanarlisi, filial rahbari oylik maoshiga bazo‘r kun kechiradigan “Dasht” filiali farroshi Bashorat Hayitqulovaga har safar “ishga kirish uchun Sh.Adilovga pora bergansan”,— deya o‘dag‘aylab kelganligi aytiladi. Ammo maqolani tayyorlash jarayonida filialda farrosh bo‘lib ishlovchi Bashorat Hayitqulova, Zilola Imomnazarova, Barchin Pirmamatovalarning kollejlar boshqarmasi boshlig‘i Qahramon Normuhammedov nomiga yozgan “tushuntirish xati” ham qo‘limizga tushib qoldi. Undan ma’lum bo‘lishicha, Bashorat Hayitqulova hamda uning ikki hamkasbi kasaba uyushma yig‘ilishida aytgan gaplarini inkor etib, Shomil Adilovning talabiga binoan shunday yozib berganliklarini bildiradi va xat so‘ngida “Bizdan hech kim hech qanaqa pul so‘ragani yo‘q”, — deya qistirib ham o‘tishadi. Tushunarsiz holat, albatta. Farroshlar nega kollejlar boshqarmasi boshlig‘i nomiga tushuntirish xati yozishdi? Ulardan kim talab qildi tushuntirish xati yozib berishni? Va eng qizig‘i Bashorat Hayitqulova mazkur tushuntirish xati bilan kasaba uyushmasi yig‘ilishida aytgan gaplarini inkor etib, ulardan hech kim pul so‘ramaganligini yozyapti. Va e’tibor bergan bo‘lsangiz, bu gaplari bilan o‘zining gapiga qarshi chiqqan holda dastlabki fikrini yoqlagandek, nazarimizda. Tag‘inam kim biladi deysiz...
Voqealar rivojida davom etamiz. Xatti-harakati kollej Kasaba uyushmasi yig‘ilishida muhokama qilingach, Anvarmirzo Qudratov bundan xulosa chiqarganligini aytib, yig‘ilish qatnashchilaridan uzr so‘raganligi tilga olinadi yig‘ilish Bayonida. Ammo Anvarmirzo Qudratov kasaba uyushmasining bu gapini tasdiqlamadi. “O‘sha kuni kasaba uyushmasining yig‘ilishi bo‘lishini ham e’lon qilishmagandi. Dabdurustdan hali qurilishi bitmagan va o‘quv jarayoni boshlanmagan filialda kasaba uyushmasining yig‘ilishini o‘tkazishlarini aytib, bizni majburlab olib kirishdi, — deydi Anvarmirzo Qudratov yig‘ilish bayoni haqida gapirar ekan. — Bizning umuman xabarimiz yo‘q edi”. Taajjub, nega kollej kasaba uyushmasi filial mutasaddilarini yig‘ilish bo‘lishi xususida ogohlantirmadi? “Kasaba uyushmasining yig‘ilishi bo‘lishini e’lonlar doskasiga ilib qo‘ygandik,— deydi kollej kasaba uyushmasi raisi o‘rinbosari Quvondiq Doniyev. — Filial rahbari eshitganmi, yo‘qmi — bundan esa xabarim yo‘q”. Kundek ravshanki, kasaba uyushmasining bu xulosasi haqida kollej rahbariyati boshqarma boshlig‘i Qahramon Normuhammedovga “shipshitib” qo‘yadi. Kollejlar boshqarmasi esa Bildirgini taalluqliligi bo‘yicha Qarshi tuman IIBga yuboradi. Tuman IIB xodimi I.Yaxshiyev voqealar tafsiloti bilan tanishib chiqib, biror bir kishining xatti-harakatida qonunga itoatsizlik alomatlari yo‘q degan xulosa beradi.
Ko‘p o‘tmasdan Anvarmirzo Qudratov filial Nizomini tayyorlatib, ta’bir joiz bo‘lsa “mustaqillikka intila boshlaydi”. Uning nazdida filialga alohida yuridik maqomi berilib, o‘zi mustaqil faoliyat olib borishi kerak bo‘ladi. “Boisi, Shomil Adilov filial o‘z faoliyatini boshlaganidan buyon biror marta ham kelmagan. Kimgadir ma’lumotnoma kerak bo‘lganda yoki “pechat”ga ehtiyoj tug‘ilganda kollej direktorini topolmasdik. Sarson-sargardon bo‘lardik har safar”, — deydi Anvarmirzo xatti-harakatini izohlar ekan. Shunday qilib, filial Nizomi tayyor bo‘lgach, tasdiqlanayotgan yili va sanasi aks etmasa-da, viloyat O‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi boshqarmasi Qahramon Normuhammedov tomonidan tasdiqlanadi. So‘ngra Qarshi tuman hokimligiga yuboriladi. Ammo tuman hokimligi mutasaddilari Markaz direktori o‘rinbosari F.Rizayevning xatidan ilova keltirib, filial alohida yuridik maqomga ega emas, u tayanch kollejga bo‘ysunadi va yuridik shaxs tomonidan mol-mulk bilan ta’minlanadi, deya filial Nizomini ro‘yxatdan o‘tkazishdan bosh tortadi. Mazkur jarayon davom etayotgan bir paytda tuman hokimi o‘rinbosari F. Mahmudovning javob xatidan ma’lum bo‘lishicha, filial rahbari allaqachon filialning davlat gerbi tushirilgan muhri va tamg‘asi, maxsus blankini ham yasatib olishga ulgurganligi kishini taajjublantiradi. Qo‘limizga kelib tushgan hujjatlarning guvohlik berishicha, filial rahbari “o‘zim xon, ko‘lankam maydon” qabilida ish tutib, 2017-yilning 2—3-yanvar kunlari Yulduz Adilova, Adolat Roziqova, Dilrabo O‘ralova, Dilmurod Jo‘rayev, Navro‘z Avliyaqulov, Nurbek Nazarov, Marhabo O‘rinboyeva, Muhiddin Primov, Qunduz Rustamova, Nafosat Sharipova, Mahbuba Tovarovalarni ishga qabul qilish to‘g‘risida buyruq chiqaradi. Hujjatga “pechat” bosib, gajakdor imzo bilan “bezaydi”. Vaholanki, tuman IIB boshlig‘i J.Rajabov tomonidan muhr va tamg‘adan foydalanish uchun 2017-yilning 13-fevral kuni ruxsat etilyapti. Mazkur holat bizni ajablantirganligi bois ham filial rahbarining bu xatti-harakatining sababi bilan qiziqdik. U esa holatni shunday izohlaydi: “Shomil Adilov filialga umuman kelmaganligi, filial ishlari bilan qiziqmaganligi sabab ham ichki buyruq asosida ishchi xodimlarni ishga qabul qildik. Bu buyruqlar taklif mazmunida edi”. Ajabo, dunyoning ishlarini qarangki, taklif ham “ishga qabul qilinsin”,“belgilansin” degan so‘zlar bilan bezatilar ekan-da...
Kezi kelganda yana bir gap. Mazkur filial Nizomi takroriy tarzda ikkinchi marotaba ham tuman hokimligiga taqdim etiladi. Hokimlik tomonidan tasdiqlanmaganligini anglatuvchi tuman hokimining o‘rinbosari F.Mahmudov imzosi bilan yetib kelgan xatga javoban kollejlar boshqarmasi boshlig‘i Qarshi tumani hokimi A.Boyqarayevga rasmiy xat bilan murojaat etib, filial Nizomi nima uchun tasdiqlanmaganligini hamda mazkur hujjat lokal normativ hujjat xarakteriga ega ekanligini yozib, bunga tuman hokimi o‘rinbosarining imzosi bilan javob qaytarish qanchalik to‘g‘ri ekanligiga iddao qiladi. Voqealar rivoji qanday yakun topganligi bilan qiziqib, tuman hokimi o‘rinbosari F.Mahmudovga sim qoqdik.
— Kollejlar boshqarmasi boshlig‘ining bu xatiga javoban tuman hokimligi haq ekanligini isbotlovchi dalillar bilan javob xati yozdik, — deydi Fayzulla Mahmudov. Shuningdek xatda, hokimlik xatiga nisbatan hurmatsizlik qilgan viloyat O‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi boshqarmasi mas’ul xodimlariga nisbatan chora ko‘rilishi natijasi haqida tuman hokimligiga ma’lum qilinishi ham so‘raldi. Hatto boshqarma boshlig‘ining bu harakati “razbor” ham bo‘ldi. Shunda, “xatga o‘qimasdan qo‘l qo‘yib berganman, uzr”, degan boshqarma boshlig‘i Qahramon Normuhammedov, — deydi Fayzulla Mahmudov. Qiziq, boshqarma mutasaddilaridan aynan kimga “Dasht” filialining “mustaqilligi” shu darajada kerak bo‘lib qoldiki, bu yo‘lda hatto boshqarma boshlig‘ini ham chalg‘itishga urinishlar bo‘lgan. Demakki, kimdir filialning mustaqilligi uchun shu qadar jon kuydirganki, hatto boshqarma boshlig‘i nomidan iddaoli xat tayyorlab, boshliqqa imzo chektirgan-u, hokimlikka yuborgan degan xulosaga kelish mumkin. Xat tayyorlovchilar nazdida boshqarma boshlig‘ining iddaosi bitmay turgan ishni bitkizadigandek go‘yo.
“Otni biroz oldin qamchilab qo‘ygan” filial rahbari esa tuman hokimligi filial Nizomini ikkinchi marotaba ham tasdiqlamagach, Shomil Adilov nomiga bildirgi yozib, yanvar oyida 12 nafar ishchi xodimni ishga olganligi to‘g‘risidagi “buyruqlari”ni rasmiylashtirishda amaliy yordam berishini so‘raydi. Tabiiyki, kollej rahbariyati bu da’voni ancha paysalga soladi. Lekin besh-olti oy o‘tib buyruqlarni qayta rasmiylashtiradi, albatta. Shu-shu ikki rahbar o‘rtasida “yashirincha kurash” avj ola boradi. Shomil Adilov “u” desa, Anvarmirzo Qudratov “bu” deydi. Kollej va filial o‘qituvchilari esa kimning gapini ma’qullashini bilmay boshi qotadi. Dahanaki jang bora-bora shu darajada tomir yozadiki, voqealar markazida hatto Oliy Majlis senatori, O‘zbekiston Xalq shoiri Iqbol Mirzo ham “ko‘rinish beradi”. Senator voqealar rivojining bu tarzda davomlanayotganligidan tashvishlanib, Qashqadaryo viloyati hokimligiga murojaat qiladi. Xatda Anvarmirzo Qudratov Respublikamizda ma’naviy hamda adabiy targ‘ibotchiligi bilan alohida ajralib turishini, tengdoshlariga o‘rnak bo‘lishga arzirlik ekanligini ta’kidlab o‘tadi. Bu xatti-harakatlarining natijasi o‘laroq shaxsan viloyat hokimining qo‘lidan “Kamolot” (hozirda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi) uylarining kalitini olishga muvaffaq bo‘lganligini aytib, uning o‘sishiga, kamol topishiga o‘zaro kelishmovchiliklar to‘sqinlik qilayotganligini yozadi. Hamda viloyat hokimligidan nosog‘lom muhitni ijobiy hal etishda ko‘mak berishini so‘raydi. Bu xat mazmunidan xabar topgan Shomil Adilov esa voqealar rivojida o‘zini “jabrdiyda” kabi his eta boshlaydi. Va tabiiyki, senatorga takror-takror murojaatlar yo‘llay boshlaydi. Murojaatida shu xat sababli viloyat O‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi boshqarmasi tomonidan o‘ziga nisbatan adolatsizliklar bo‘layotganligini, ishdan bo‘shashi xususida ariza yozib berishini talab qilayotganligi xususida yozg‘iradi. Takroriy murojaatlarga javoban Oliy Majlis senatori viloyat O‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Qahramon Normuhammedov nomiga xat jo‘natadi. Xatda bu haqda boshqarma boshlig‘iga ma’lum qilgan holda, agar direktor pensiya yoshiga yetgan bo‘lsa, o‘zbekona hurmat va ehtirom bilan nafaqaga kuzatishga ko‘rsatma berishini iltimos qiladi. Ammo viloyat O‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi boshqarmasi boshlig‘i bunday yo‘l tutish o‘rniga bir necha bor “Arizangizni yozing”, deya qistovga oladi. Bunday xulosa qilishimizga esa boshqarma mutasaddilari va Shomil Adilovning telefondagi o‘zaro suhbatlaridan yozib olingan audioyozuvlar sabab bo‘ldi. Mazkur suhbatda boshqarma mutasaddilari bir necha bor direktorga ariza yozishi kerakligini uqtirishganligiga guvoh bo‘lish mumkin.
Filial rahbari Anvarmirzo Qudratov bilan suhbatlarimizning birida “Shomil Adilov mening ustimdan mutasaddi tashkilot rahbarlariga bo‘hton qilib, obro‘sizlantirishga harakat qilyapti. Mening yo‘qotadigan narsam yo‘q degan bahonai sabab bilan takror-takror arz qilishdan to‘xtamayapti. Shu kunga qadar barcha tashkilot eshiklarini qoqdi. Meni yomonlab. Bu esa mening ham sog‘lig‘imga, ishimga ta’sir ko‘rsatmay qolmayapti”, — degan gapni aytdi. Bu gaplarni eshitib, guvohi bo‘layotganlarimizdan xulosamiz shu bo‘lyaptiki, viloyat kollejlar boshqarmasi mas’ullari har ikki tomonni ham o‘z vaqtida tinchlantirib, masalani uzil-kesil hal etish o‘rniga tomoshabin bo‘lishni lozim topishgan ko‘rinadi. Bu esa o‘zaro kelishmovchiliklarning chuqur ildiz otishiga sabab bo‘lgan. Oqibatda kollejda muhit buzilib, o‘zaro “dedi-dedi” avj olgan, davomat, o‘qish jarayonlari sustlashib, ta’lim-tarbiya jarayoniga ta’sir etmay qolmagan.
Xalqimizda “yaxshi gap bilan ilon inidan chiqadi”, degan gap bor. Fikri ojizimizcha boshqarma mas’ullari Shomil Adilovni O‘zbekiston Xalq shoiri Iqbol Mirzo ta’kidlaganidek o‘zbekona hurmat va ehtirom bilan nafaqaga kuzatishganlarida olam guliston edi...mi? Harqalay tizimda yigirma sakkiz yil davomida faoliyat yuritgan Shomil Adilov ham kollej jamoasi bilan bir qancha yutuqlarni qo‘lga kiritgan ekan-ku. Qolaversa maqolani tayyorlash davomida kollejda faoliyat yuritayotgan bir necha o‘qituvchi xodimlarning Shomil Adilov adolatli va talabchan rahbar, barchaga birdek yordam qo‘lini cho‘zuvchi inson edi, deya tariflashganligiga ham guvoh bo‘ldik. Ularning so‘zlariga ko‘ra Shomil Adilov rahbarligi davrida kollejda viloyatdagi biror bir kollejda amalga oshirilmagan ish — filologiya fanlari doktori, professor, Pirmat Shermuhammedov ta’biri bilan aytganda havas qilsa arzirlik kollejning axborot-resurs markazi qoshida “Vohamiz ijodkorlari” va “San’at fidoyilari” kabi muzeylar tashkil etilgan. Pirmat Shermuhammedovning ta’biricha deyishimizning sababi bor, albatta. Filologiya fanlari doktori, professor, xalqaro YuNESKO, “Andersen” va “Cho‘lpon” mukofotlarining sovrindori Pirmat Shermuhammedov 2011-yil kollej faoliyati bilan tanishar chog‘i muzeylarga duch keladi. Amalga oshirilgan ishlardan ilhomlanib, “Talabalar dunyosi” jurnalida muzey faoliyatini olqishlaydi. Professorning ta’kidlashicha, muzeyda ikki yuzdan ortiq fan, san’at va madaniyat fidoyilarining hayoti va faoliyati haqida ko‘plab ma’lumotlar aks etgan. Asarlaridan namunalar keltirilgan. Lekin ming afsuslar bo‘lsinki, ana shunday tarixni o‘zida jamlagan o‘sha muzey kollejlar boshqarmasining talabiga binoan buzib tashlangan ekan... Holbuki, mazkur muzeylarning ochilish marosimida o‘sha paytda aynan kollejlar boshqarmasi boshlig‘i bo‘lib ishlagan Zafar Qobilov, viloyat musiqali drama teatri direktori Zokir Ahmedov, shoir Amir Xudoyberdi va yozuvchi Sharofat Ashurovalar ham bosh-qosh bo‘lishgan ekan. “Muzeyning ochilish marosimida shaxsan ishtirok etib, juda quvongandik, — deydi o‘sha paytda viloyat musiqali drama teatri direktori bo‘lib ishlagan Zokir Ahmedov. — Muzey faoliyati nafaqat meni balki teatr jamoasining ham quvonchiga, hayratiga sabab bo‘lgandi. U yerda viloyatimiz adiblari, san’at fidoyilarining suratlari, amalga oshirgan ishlari jamlangandi. O‘quvchi yoshlar ko‘plab ma’lumot olishi mumkin bo‘lgan ish edi, albatta”.
Kollej jamoasi sport musobaqalarida ham nafaqat viloyatda balki respublikada ham faxrli o‘rinlarni egallab kelgan ekan. Respublika miqyosida tashkil etilgan o‘quv-seminarlariga mezbonlik qilgan.
— Eng quvonarlisi kollejimizda har yili “Yil o‘qituvchisi” ko‘rik-tanlovi tashkil etilib, kollej o‘qituvchilari o‘zaro bellashardi. G‘olib o‘qituvchi rag‘batlantirilardi. Bu esa o‘sha xodimning o‘z ishiga bo‘lgan mas’uliyatini oshirib, ishiga mehr qo‘yishiga sabab bo‘lardi. Afsuski, bu kabi yutuqlar bugun yo‘q, — deydi kollejning tarix fani o‘qituvchisi Nigora Sharopova. — Ustozimiz Shomil Adilov davrida ishlagan odam mehnatiga yarasha rag‘batlantirilardi.
— Kuni kecha bir voqeani eshitib “shokka” tushdim, — deya gapida davom etadi Nigora Sharopova. — O‘ttiz yil umrini shu kollej uchun sarflagan, uning muvaffaqiyati uchun jon kuydirgan ustozimiz Shomil Adilov qo‘lidagi hujjatlarini vaqtincha direktor vazifasini bajaruvchi Anvar O‘tkirovga taqdim etish va mehnat daftarchasini olish uchun kollejga kelsa, eshikdan kiritishmabdi. Voqeani eshitib, etim jimirlab ketdi. Qani bizda kattalarga hurmat, ustozlarga nisbatan ehtirom. Qani o‘zbekligimizga xos bo‘lgan yoshi ulug‘larni qadrlashdek qadriyat. Bu haqda eshitgan yoki guvohi bo‘lgan o‘quvchi yoshlar kelajakda bu ishni takrorlamasligiga, ustozlarga nisbatan hurmatsizlik qilmasligiga kim kafil bo‘loladi? Hech kim, albatta.
Biz yuqoridagi fikrlarimiz bilan kimgadir qora chaplashni niyat qilmadik, albatta. Vakolatli tashkilotlar faoliyatini tahlil qilish fikridan ham yiroqmiz. Maqsadimiz muallaq turib qolayotgan savollarga javob topish. Mutasaddi tashkilotlar e’tiborini jalb qilgan holda, masalaga yechim topish. Adolatning qaror topishi qiziqtiradi bizni. Shunday ekan, biz har doimgidek voqealar rivojini kuzatishda va natijani kutishda davom etamiz...
Otabek Qo‘ldoshev
Izoh (0)