Fotogalereya: Xalqlar va mamlakatlarni ajratib turuvchi devorlar
Rossiya federal xavfsizlik xizmati 17-noyabrda Qrim va Ukraina o‘rtasida barpo etilayotgan 50 kilometrli devor 2018-yilning o‘rtasiga qadar bitkazilishi mumkinligini e’lon qildi. Dunyoning bir qator mamlakatlarida xalqlar va davlatlarni ajratib turuvchi devorlar bor. “Kommersant” ana shunday devorlardan iborat jamlanmani taqdim etdi.
Buyuk Xitoy devori
Uzunligi 21 ming kilometr, balandligi 6—7 metr, qalinligi 5—8 metr. Qurilishi 1644-yilda tugatilgan.
Rim imperiyasidagi chegara mudofaa inshooti
Inshootning bugungi kunda saqlanib qolgan qismi Val Adriana bo‘lib, milodning 122—128-yillarida shimoldan keluvchi bosqinchilardan himoya maqsadida qurilgan. Balandligi olti metrgacha yetadigan inshootning uzunligi 117 kilometrni tashkil qiladi.
Kumbalgarh — Buyuk Hind devori
XV—XVI asrlarda qurilgan devor XIX asrda kengaytirilgan. Uning uzunligi 38 kilometrni tashkil qiladi. Devor YuNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan.
Berlin devori
1961-yilda qurilgan devor Germaniya Federativ Respublikasi va Germaniya Demokratik Respublikasini ajratib turgan. Uzunligi 155 kilometr, balandligi 3,5 metr bo‘lgan devor 1990-yilda buzib tashlangan. Alohida qismlari esa yodgorlik sifatida saqlab qolingan.
Kiprdagi “yashil chiziq”
1974-yilda Kiprning shimoliy qismiga turk armiyasi bostirib kirganidan so‘ng, BMTning Xavfsizlik kengashi orolni ikki qismga bo‘luvchi to‘siqli hudud (“yashil chiziq”)ni belgilagan. Hududning uzunligi 180 kilometrni tashkil qiladi. Alohida qismlarida turklar tomonidan beton va simli to‘siqlar o‘rnatilgan. To‘siqlarning katta qismi 2000-yilda buzib tashlangan.
Janubiy Koreya va KXDR o‘rtasidagi devor
1977—1979-yillarda Janubiy Koreya KXDR bilan chegaralarida shimoliy qo‘shnining ehtimoliy tank hujumidan himoya maqsadida devor barpo qilgan. 1953-yilda o‘z nihoyasiga yetgan Koreys urushidan so‘ng mamlakatlar uzunligi 241 kilometr va eni to‘rt kilometr bo‘lgan harbiysizlantirilgan hudud orqali ajratilgan.
Sharmandalik devori
Marokashning janubi-sharqida 1981—1987-yillarda hukumat va Sahro milliy-ozodlik harakati kuchlari tomonidan nazorat qilinadigan hududlarni ajratuvchi inshootlar tizimi qurilgan. Tizim G‘arbiy Sahro Cheti nomi bilan mashhur. Tizimning uzunligi 2575 kilometr bo‘lib, qum uyumlari, devorlar, to‘siqlar va bunkerlardan iborat. Sahro milliy-ozodlik harakati a’zolari tizimni Sharmandalik devori deb ataydi.
Iroq va Kuvayt o‘rtasidagi devor
Iroqning 1990-yilda Kuvaytga bostirib kirishi va Fors ko‘rfazidagi birinchi urushdan so‘ng, BMT rahnamoligida ikki mamlakat o‘rtasida harbiysizlantirilgan hudud barpo etilgan. 1991—1993-yillarda Kuvayt 193 kilometrli chegara to‘siqlarini qurgan. Devor elektrlashtirilgan bo‘lib, balandligi 4,6 metrni tashkil qiladi.
AQSh va Meksika o‘rtasidagi devor
AQSh va Meksika o‘rtasidagi devorning qurilishi 1991-yilda boshlangan. 2006-yilda AQSh prezidenti Jorj Bush uzunligi 1,1 ming kilometrli devor qurishni ko‘zda tutuvchi qonunni imzolagan. Xarajatlari 3,4 milliard dollarni tashkil qilgan loyiha 2010-yilda muzlatib qo‘yilgan. 2017-yilda qurilish qayta boshlandi. AQShning 2018-yilgi budjetida devor qurilishi uchun 1,6 milliard dollar ajratilgan.
Marokash va Ispaniya yarim anklavlari o‘rtasidagi devor
1993-yilda Ispaniyaning Seuta va Melilya yarim anklavlari hamda Marokash qirolligi o‘rtasida devor qurilgan. Birinchi devorning uzunligi 8,4 kilometr, balandligi esa olti metrni tashkil qiladi. Ikkinchi devorning uzunligi esa 11 kilometr, balandligi olti metrni tashkil qiladi.
Isroil va Falastin o‘rtasidagi devor
Ikki mamlakat o‘rtasidagi devor 2003-yilda buyon qurilmoqda. Devorning loyiha uzunligi 700 kilometr bo‘lib, balandligi 3—8 metrni tashkil qiladi. Ayni paytda devorning katta qismi qurib bo‘lingan.
Misr va G‘azo sektori o‘rtasidagi devor
Misr 2009—2011-yillarda G‘azo sektori bilan chegaralarda o‘n kilometrli devor qurdi. Po‘latdan tayyorlangan to‘siqlarning balandligi 18 metr bo‘lib, yer ostiga ham bir necha metr tushgan.
Gretsiya va Turkiya o‘rtasidagi devor
2012-yilda Gretsiya va Turkiya o‘rtasidagi uzunligi o‘n kilometr va balandligi ikki yarim metr bo‘lgan devorning qurilishi yakunlangan. U Yevropa Ittifoqi chegaralarini qochoqlardan himoya qilish maqsadida barpo etilgan. Loyihaning qiymati uch million yevroni tashkil qilgan.
Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi devor
Ukraina 2014-yilda Rossiya bilan chegaralarida uzunligi qariyb ikki ming kilometr bo‘lgan devor qurishni boshladi. 2017-yilning yanvar oyida qurilish muzlatilgan. Joriy yilning sentabr oyiga kelib esa Rossiya FXX Qrim va Ukraina o‘rtasida 50 kilometrli to‘siq qurmoqchi ekanligi ma’lum bo‘ldi.
Izoh (0)