Andijon viloyatining Xonobod shahri o‘zbekistonlik charm qo‘lqop ustasi Qudratillo Abdug‘afforovning professional boksdagi 13-g‘alabasiga guvoh bo‘ldi.
Yanvar oyida jahon chempionligi uchun AQShda ringga chiqadigan Abduqahhorov, Andijondagi jangida hamyurti Sherzod Olimjonovga qarshi ringga ko‘tarildi. 10 raundga mo‘ljallangan jangda Abduqahhorov raqibini 2-raunddayoq texnik nokautga uchratdi. “Olamsport” nashrining yozishicha, mag‘lub tomon murabbiylari ketma-ket zarbalardan keyin, oq sochiqni ko‘rsatishga majbur bo‘lgan va yengilganini tan olgan.
Shu tariqa Qudratillo Abduqahhorovning prof ringdagi statistikasi yanada yaxshilandi: 13 jang va 13 g‘alaba. Shularning 9 tasida u raqiblarini muddatidan avval taslim qilishga erishgan.
WBC Silver chempionlik kamari sohibi bo‘lgan Abduqahhorov endi okean ortiga jo‘nab ketadi va jahon chempioni bo‘lish yo‘lidagi harakatlarini boshlaydi. Chempionlik jangi yanvarda o‘tishi aniq. Biroq aynan qaysi sanada ekani va kimga qarshiligi borasida ma’lumotlar hozircha yo‘q.
Izoh (0)