Har antarktik bahor va yozda NASA maxsus samolyotlar yordamida qit’a ustidan uchib o‘tib, global isish uning landshaftiga qanday ta’sir ko‘rsatayotganini kuzatib boradi, deb xabar berdi “Hi-tech.mail.ru”.
NASA’ning P-3 Orion razvedka samolyoti Argentinaning Ushuayi shahridan uchib, Larsen S muzligini va undan ajralib chiqqan ulkan aysbergni tadqiq qilish uchun havoga ko‘tarildi.
A-68 deya nomlangan ulkan muz parchasi joriy yilning iyun oyi boshida mustaqil suzishni boshlagan edi. O‘shandan buyon u anchagina yirik bo‘laklaridan ajralib, biroz “ozdi”.
NASA aysbergning suratini o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga joylashtirdi. Insoniyat birinchi bor ushbu obyektni bu qadar yaqin masofadan ko‘rishga muvaffaq bo‘ldi — bunga qadar suratlar sun’iy yo‘ldashdagi maxsus qurilmalar yordamida olinar edi.
Aysbergning o‘zi kemalarga xavf tug‘dirmaydi. Hozircha u okeanda stakandagi muz bo‘lakchasi kabi suzishni davom ettirmoqda. Biroq u Larsen S muzligidan ajralib chiqib, uning erish jarayonini tezlashtirishi mumkin. Bu o‘z navbatida dengiz sathining ko‘tarilishiga olib keladi.
Izoh (0)