Amerikaning Apollo 11 kosmik kemasi Oy modulining 18 karatli oltindan yasalgan modeli Massachusets shtati Boston shahrida bo‘lib o‘tgan kimoshdi savdosida 122,3 ming dollarga sotildi, deb yozadi “TASS”.

Apollo-11. Foto: AP

RRAuctions auksion uyi ma’lumotlariga ko‘ra, lotga 26 kishi da’vogarlik qilgan. Fransiyaning soat va zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchi Cartier kompaniyasi tomonidan tayyorlangan modelning yakuniy narxi (xaridorning auksion uyiga to‘lovini ham hisobga olganda) 134,5 ming dollardan oshdi.

846 grammlik model 1969-yilning iyulida Apollo 11 kemasi modulida Nil Armstrong bilan birga Oyga qo‘ngan amerikalik astronavt Bazz Oldringa tegishli bo‘lgan.

Cartier kompaniyasi zargarlari Le Figaro gazetasi buyurtmasiga ko‘ra bunday mitti nusxalardan uchtasini yasab, Apollo 11 ekipaji a’zolari Armstrong, Oldrin va Maykl Kollinzga ularning Parijga tashrifi chog‘ida topshirgan edi.