Turkiya bosh vazirining o‘rinbosari Bakir Bo‘zdog‘ IShID jangarilari Raqqani “Suriya demokratik kuchlari” (SDF) ko‘magida Vashington roziligi bilan tark etgani haqidagi xabarlarga izoh berdi. Uning fikricha, AQSh Suriyada terrorchilikka qarshi kurash olib bormayapti, deb xabar beradi “RIA Novosti”.
“Terrorchilarga qarshi ochiq kurash haqida gap ketmagan. Aks holda Vashington bir terrorchi harakatga qarshi kurashda boshqasi bilan hamkorlik qilmas edi. Aqlga sig‘maydi, lekin bu fakt. Agar terrorchilarga qarshi real kurash haqida gap borganida, AQSh Turkiya kabi kuchli mamlakat bilan hamkorlik qilgan bo‘lar edi”, — uning so‘zlarini keltiradi Anadolu agentligi.
Oldinroq Britaniyaning BBC teleradiokompaniyasi o‘tkazgan tekshiruvi natijalariga ko‘ra kurdlarning SDF tuzilmasi AQSh roziligi bilan 250 jangarini Raqqadan olib chiqib ketishni ta’minlaganini ma’lum qilgan edi.
Undan avval Suriyaning BMTdagi doimiy vakolatxonasi AQSh boshchiligidagi koalitsiya IShID terrorchilarining Raqqadan chekinishiga ko‘mak berganini bildirgan edi.
Izoh (0)