22:51, 14.11.2017 2036

OAV: AQSh va kurdlar IShID jangarilarini Raqqadan evakuatsiya qilishga kelishgan edi

“Suriya demokratik kuchlari” (SDF) otryadlari AQSh boshchiligidagi koalitsiya bilan kelishgan holda IShID jangarilarini Raqqadan olib chiqib ketish borasida terrorchilar bilan kelishuvga borgan edi. Bu haqda BBC o‘z manbalariga asoslanib ma’lum qildi, deb xabar beradi “Kommersant.ru”.

Foto: AFP

Xususan, jangarilar evakuatsiyasida ishtirok etgan mashinalardan birining haydovchisi Abu Favzi SDF ulardan jangovar harakatlar tufayli ketishga majbur bo‘lgan tinch fuqarolar konvoyiga rahbarlik qilishni so‘raganini aytdi. Bu ish evaziga haydovchilarga ming dollar va’da qilingan.

Yana bir haydovchi jangarilar ketayotgan konvoy 6–7 kilometr masofani egallaganini, uning tarkibida 50 yuk mashinasi, 13 avtobus va yuzdan ortiq shaxsiy mashina bo‘lganini aytdi.

“Biz SDF bilan bo‘lishimiz kerak edi, ammo biz yolg‘iz ketganmiz. Yetib kelishimiz bilan, qo‘lida qurol, egnida xudkush nimchasi bor IShID jangarilarini ko‘rdik. Ular bizni pistirmaga yetakladi. Agar biror narsa noto‘g‘ri ketsa, ular butun konvoyni portlatib yuborar edi. Ularning hatto bolalari va ayollarida ham xudkush kamarlari bor edi”, — dedi Abu Favzi.

BBC surishtiruvi materiallaridan o‘rin olgan bir videoda Raqqadan tirkamali yuk mashinalari va avtobuslar chiqib kelayotgani, ularda qurolli odamlar o‘tirgani aks etgan. Telekanal ijodkorlarining ta’kidlashicha, shaharni 250 jangari hamda ularning 3,5 ming nafar oila vakili tark etgan.

Bundan tashqari, Raqqadan chet ellik yollanma jangarilar, Fransiya, Turkiya, Ozarbayjon, Pokiston, Yaman, Saudiya Arabistoni, Xitoy, Tunis, Misr vakillari olib chiqilgan.

IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.

Boshqa yangiliklar