Janubiy Koreya Serbiya bilan, Qatar Islandiya bilan durang o‘ynadi. Yaponiya Belgiyadan yengildi
FIFA kunlaridan unumli foydalangan Osiyo mamlakatlari xalqaro o‘rtoqlik o‘yinlarida 14-noyabr kuni ham maydonga tushdi.
O‘tgan hafta o‘z maydonida Kolumbiyani taslim qilgan Janubiy Koreya, bu safar Serbiya bilan durang o‘ynadi — 1:1. JCh—2018 ishtirokchisi bo‘lgan serblar to‘rt kun oldin Xitoydan g‘alaba bilan qaytgandi — 2:0. Chin o‘lkasi vakillari esa bu safar aksincha, Kolumbiyani mehmon qildi va o‘z darvozasidan javobsiz 4 ta gol o‘tkazib yubordi.
Qatar termasi garchi mundialda ishtirok etmasligi aniq bo‘lsa-da, o‘rtoqlik o‘yinlariga jiddiy e’tibor bergan. To‘rt kun avval o‘zbekistonlik Sherzod Qosimov boshqargan uchrashuvda Qatar Chexiyadan yengilgandi — 0:1. Bu safar Dohaga tashrif buyurgan JCh—2018 ishtirokchisi Islandiya g‘alabani qo‘ldan chiqardi. Qayd etish kerak, islandiyalik futbolchilar Yevropa saralashida Ukraina, Xorvatiya, Turkiya kabi termalardan ustun bo‘la olgandi.
Yaponiya esa 4 kun ichida ikki kuchli terma bilan kuch sinashdi. Avvaliga Braziliyadan 1:3 hisobida yengilgan kunchiqar yurt termasi, bu safar Belgiyaga imkoniyatni boy berdi — 0:1. O‘yindagi yagona gol “Manchester Yunayted” hujumchisi Romelu Lukaku tomonidan urildi. Belgiyaning o‘zi to‘rt kun oldin Meksika bilan jangovor durang o‘ynagandi — 3:3.
Izoh (0)