6—14-noyabr oralig‘i FIFA kunlari sifatida avvaldan belgilab qo‘yilgan. Bunda deyarli barcha mamlakatlarda milliy chempionat tanaffusga chiqadi va asosiy e’tibor terma jamoalarda bo‘ladi.

Hozirgacha Yevropa, Osiyo, Janubiy va Shimoliy Amerika mintaqalari JCh—2018 saralash uchrashuvlarini yakunlab bo‘lgan. Afrika termalari esa 14-noyabr kuni saralashdan to‘xtaydi.

Hal qilinishi kerak bo‘lgan masalalar esa bor. Yevropaning 8 ta mamlakati FIFA kunlarida pley-off o‘yinlarini o‘tkazadi. Shu bilan UEFA Rossiya—2018 masalasidan to‘liq xalos bo‘ladi. Yana 4 ta konfederatsiya esa o‘ziga taqdim etilgan yarimta kvotani butun qilishga urinadi. Bunda Avstraliya Gonduras bilan raqobat olib borsa, Peru Yangi Zelandiyaga qarshi saf tortadi.

Italiya JCh—2018 dan chetda qolishi mumkin. Skuadro Adzurro pley-offda Shvetsiyadan yengildi

JCh—2018 chiptasiga ega chiqqan termalar esa allaqachon mundialga tayyorgarlikni boshlagan. Ular xalqaro o‘rtoqlik o‘yinlarini o‘tkazish bilan band. Shu qatorda mundialdan chetda qolgan mamlakatlar ham bir chetda turgani yo‘q. FIFA kunlaridan unumli foydalanish ular uchun odatiy hol.

Futboli biznikidan ortda bo‘lgan mamlakatlarni bir chetga surib turib, ishni to‘g‘ri yo‘lga qo‘ygan qit’a mamlakatlari FIFA kunlaridan qanday foydalanayotganiga e’tibor qaratamiz.

Eron

O‘zbekiston bilan bir guruhdan joy olib, raqiblariga imkoniyat qoldirmagan Karlush Keyrush jamoasining yo‘liga havas bilan qarash mumkin. Forslar saralashni mag‘lubiyatsiz yakunladi. O‘rtoqlik o‘yinlari borasidagi kelishuvda Eron Futbol Federatsiyasi ishni qoniqarli olib boradi, deb qarash mumkin. Ular O‘zbekistonga qarshi hal qiluvchi o‘yin oldigan, Chernogoriyada mehmon bo‘lib, 2:1 hisobidagi g‘alaba bilan qaytgandi. Bu qo‘l kelib, Eron O‘zbekistonga imkoniyat qoldirmadi — 2:0 va JCh chiptasini muddatidan avval qo‘lga kiritdi.

Foto: Getty Images

Endi esa forslar FIFA kunlaridan unumli foydalanib kelmoqda. Oktabr oyida ular 2 ta uchrashuv o‘tkazdi. Dastlab Keyrush jamoasi Togo ustidan 2:0 hisobida zafar quchgan bo‘lsa, keyin Qozonda Rossiya bilan durang o‘ynadi — 1:1.

Noyabr oyida ham forslar bir chetda qarab o‘tirgani yo‘q. 9-noyabr kuni ular JCh saralashida AQShni qoldirib ketgan Panama bilan bellashdi va 2:1 hisobida ustun keldi. 13-noyabr kuni esa Eronni Venesuela bilan qiziqarli o‘yin kutib turibdi.

9-noyabr, payshanba

Eron — Panama 2:1

Gollar: Ashkan Dejaga, 16-pen (1:0). Saman G‘addos, 18 (2:0). Gabi Torres, 39-pen (2:1). 13-noyabr, dushanba Venesuela — Eron

Janubiy Koreya

Koreyaliklar ham xuddi Eron kabi O‘zbekiston bilan o‘zaro o‘yindan keyin JCh chiptasiga ega chiqdi. Toshkentdagi golsiz durang ularga qo‘l keldi. Mana endi terma jamoa o‘rtoqlik o‘yinlariga zo‘r bergan.

Foto: Getty Images

Oktabr oyida koreyalik futbolchilar Moskvada Rossiya mehmoni bo‘lib, 2:4 hisobida yengildi. 10-oktabr kuni esa Marokashga qarshi uchrashuv bo‘lib o‘tdi va unda ham koreyaliklar 2 ta gol farqi bilan imkoniyatni boy berdi — 1:3.

Noyabrdagi FIFA kunlari uchun ham Koreya 2 ta o‘rtoqlik o‘yini tayyorlab qo‘ygandi. Ularning birinchisi 10-noyabr kuni Kolumbiyaga qarshi o‘tib, Koreya 2:1 hisobida ustun keldi. Kolumbiya JCh—2018 ishtirokchisi ekani va qanday kuchga ega ekani futbol muxlislariga ma’lum. 14-noyabr kuni esa koreyaliklar Rossiyaga borishi aniq bo‘lgan yana bir mamlakat — Serbiya bilan bellashadi.

10-noyabr, juma

Janubiy Koreya — Kolumbiya 2:1

Gollar: Son Xyon Min, 11 (1:0). Son Xyon Min, 61 (2:0). Kristian Sapata, 77 (2:1). 14-noyabr, seshanba Janubiy Koreya — Serbiya

Dekabrda koreyaliklarga Sharqiy Osiyo Kubogi yordamga keladi. Ular 9-dekabr kuni Xitoy bilan, 12-dekabr kuni KXDR bilan va 16-dekabr kuni Yaponiya bilan o‘ynaydi.

Foto: FotMob

Yaponiya

Kunchiqar yurt termasi JCh—2018 chiptasini qo‘lga kiritgach, ertasigayoq yangi rejani ishga tushirgan. Oktabrdan yaponlar unumli foydalandi. 6-oktabr kuni Tokioda Yangi Zelandiya taslim qilindi — 2:1. Bu bilan zelandiyaliklar Peruga qarshi pley-offga tayyorgarlik ko‘rdi, Yaponiya esa imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazdi. 10-oktabr kuni kunchiqar yurt termasi Gaiti bilan jangovor durang qayd etdi — 3:3.

Noyabr oylariga Yaponiya Futbol Assotsiatsiyasi 2 ta dahshatli o‘yin kelishib qo‘ygandi. 10-noyabr kuni shuning birinchisida ular Braziliya bilan to‘qnash kelib, JCh chiptasiga birinchi bo‘lib ega chiqqan va Janubiy Amerikada tengsiz bo‘lgan raqibga imkoniyatni boy berdi — 1:3. 15-noyabr kuni endi yaponlar Yevropa saralashini mag‘lubiyatsiz o‘tkazgan Roberto Martines boshqaruvidagi Belgiya bilan kuch sinashadi. Bu borada YFA mablag‘ ayamaydi.

Foto: Getty Images

10-noyabr, juma

Yaponiya — Braziliya 1:3

Gollar: Neymar, 10-pen (0:1). Marselo, 17 (0:2). Gabriel Jesus, 36 (0:3). Makino, 63 (1:3). Noaniq penalti: Neymar, 17 (B). 15-noyabr, chorshanba Belgiya — Yaponiya

YFA ham koreyaliklar kabi dekabrda Sharqiy Osiyo Kubogida o‘ynaydi: 9-debrda KXDR, 12-dekabrda Xitoy va 16-dekabrda Janubiy Koreya yaponlarga raqib bo‘ladi.

Foto: OFK

Saudiya Arabistoni

Bert Van Marveyk ikki yil davomida Saudiya bilan ishlab, mamlakat termasini Jahon Chempionati sari yetaklay oldi va kutilmaganda iste’fo berdi. Bu esa “sahro lochinlari”ning rejalariga o‘zgartirish kiritdi.

O‘rgan, Babayan: Bert van Marveyk Saudiyani Jahon Chempionatiga olib chiqdi va iste’fo berdi

Foto: Getty Images

Ular Rossiya—2018 uchun yo‘lni noyabrdagi FIFA kunlaridan boshlashga qaror qildi va nomdor raqiblarni tanlab oldi. Kecha — 10-noyabr kuni saudiyalik futbolchilar Portugaliya bilan kuch sinashib, 0:3 hisobida yengildi. JCh—2018 da ishtirok etishi aniq bo‘lgan va Yevro—2016 da zafar quchgan terma bilan o‘yin albatta foydalidir.

Endi saudiyalik futbolchilar 13-noyabr — dushanba kuni Bolgariyaga qarshi o‘rtoqlik o‘yinida ishtirok etadi. Bellashuv Portugaliyaning o‘zida o‘tadi. Shu tariqa Saudiya Yevropa safarini tamomlaydi.

10-noyabr, juma

Portugaliya — Saudiya Arabistoni 3:0

Gollar: Manuel Fernandes, 32 (1:0). Gonsalo Guyedes, 52 (2:0). Joao Mario, 91+ (3:0). 13-noyabr, dushanba Bolgariya — Saudiya Arabistoni

Avstraliya

Yashil qit’a terma jamoasi bosh murabbiy Ange Postekoglu JCh chiptasini to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘lga kirita olmaganidan ranjidi va pley-offdan keyin uni iste’foga chiqarishini ma’lum qildi. Ya’ni, Avstraliya Gondurasni taslim qilib, JCh yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan taqdirida ham, bosh murabbiy lavozimidan ozod etiladi va jamoani JChga yangi murabbiy tayyorlaydi.

Foto: Getty Images

Hatto JCh—2018 ga chiqqanida ham, Avstraliya termasi bosh murabbiyi ishdan ketadi

FIFA kunlarida ular Gondurasga qarshi pley-offda o‘ynashi kerak edi. Birinchi o‘yinda 0:0 hisobi qayd etildi. Takroriysi 15-noyabr kuni Sidneyda o‘tadi.

JCh—2018. Avstraliya termasi pley-offning ilk o‘yinida Gondurasni taslim qila olmadi

JCh—2018. Pley-off 11-noyabr, shanba

Gonduras — Avstraliya 0:0

15-noyabr, chorshanba Avstraliya — Gonduras

BAA va Xitoy

Mazkur ikki terma jamoa O‘zbekiston kabi JCh—2018 yo‘llanmasini qo‘lga kirita olmadi. Biroq ularda harakat to‘xtab ham qolmadi. Amirlik termasi o‘z bosh murabbiyini Saudiya Arabistoniga bergach, uning o‘rniga darhol yangi nomzod topdi va Yaponiyani Osiyo Kubogi chempionligi sari olib kelgan italiyalik Alberto Dzakkeroni bilan shartnoma tuzdi.

BAA termasi “Milan” va Yaponiya bilan tarixiy natija qayd etgan Alberto Dzakkeronini olib keldi

Kecha BAA Gaitiga qarshi o‘rtoqlik o‘yinida ishtirok etib, 0:1 hisobida imkoniyatni boy berdi. 14-noyabr kuni Amirlik termasi Al-Ayn shahrida O‘zbekistonni qabul qiladi.

Foto: O‘FF

Xitoy esa JCh—2018 chiptasi armon bo‘lib qolgan ersa-da, o‘z tempida davom etadi. Bu borada Xitoy Futbol Federatsiyasi Janubiy Koreya bilan hamkorlik qildi. Yuqorida koreyaliklar Serbiya va Kolumbiya bilan kelishuvga erishgani aytilgandi. Xitoyda ham shunday. Ular bir vaqtda raqiblarini o‘zaro almashadi. Chin o‘lkasi o‘z uyida JCh ishtirokchisi bo‘lgan Serbiyadan yengildi — 0:2. Endi esa Seulda mag‘lub bo‘lgan Kolumbiya bilan kuch sinashadi.

10-noyabr, juma

Xitoy — Serbiya 0:2

Gollar: Adam Lyaich, 20 (0:1). Aleksandr Mitrovich, 69 (0:2).

BAA — Gaiti 0:1

Gol: Dekens Nazon, 25 (0:1). 14-noyabr, seshanba Xitoy — Kolumbiya BAA — O‘zbekiston

Xitoy ham Sharqiy Osiyo Kubogida ishtirok etadi va dekabrda ham bo‘sh bo‘lmaydi: 9-dekabr Janubiy Koreya, 12-dekabr Yaponiya va 16-dekabr KXDR termasi Xitoyga raqiblik qiladi.

O‘zbekiston

O‘FF O‘zbekiston milliy terma jamoasiga bosh murabbiy topib ulgurmasa-da, 14-noyabr kuni BAA bilan o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazish borasida kelishib oldi. “Nasaf” ustozi Ro‘ziqul Berdiyev vaqtincha termaga boshchilik qiladi. Bunda masalaning 1 ta tomoni ahamiyatli, FIFA kunlari bo‘lsa-da, O‘zbekiston termasining asosini tashkil qiluvchi legioner futbolchilar yig‘inga jalb qilinmagan. Berdiyev mahalliy futbolchilardan jamoa tuzish vazifasini olgan. Buning birgina yaxshi tomoni shundaki, terma jamoada o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmayotgan yoshlarga e’tibor qaratiladi.

2018-yilgacha O‘FFdan talab qilinadigani — bosh murabbiy masalasida bir to‘xtamga kelish va yangi yildan boshlab, FIFA kunlarini bo‘sh o‘tkazib yubormaslik. Osiyoning yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan mamlakatlari berilgan imkoniyatdan maksimum foydalanib qolishga intilyapti. Bunda ular shundoq ham Osiyoda istalgancha o‘ynash mumkin bo‘lgan arab yoki boshqa termalarni emas, o‘zlari uchun yangi, qiziqarli va kuchli bo‘lgan raqiblarni afzal bilmoqda. Bu esa o‘z navbatida o‘rganishga arzigulik tajriba deyish mumkin.