Amerika yurak assotsiatsiyasi (AQSh kardiologik ilmiy jamiyati) yig‘ilishi chog‘ida olimlar taqdim etgan hisobotda 12 yoshli bolalarni yurak-o‘pka reanimatsiyasiga o‘rgatish taklif etildi. Bu haqda EurekAlert! portali ma’lum qildi.
Hisobotda ta’kidlanishicha, oltinchi sinf o‘quvchilari bilvosita yurak massajini qila olishi ma’lum bo‘ldi.
Tadqiqot davomida 160 nafar bola bir necha guruhga bo‘linib, ularning har biriga reanimatsion kompleks, shu jumladan, og‘iz bilan nafas berish o‘rgatildi. Birinchi — nazorat guruhi maktablar uchun tayyorlangan videorolikni ko‘rib, u orqali to‘g‘ri reanimatsion choralar ko‘rish tartibi bilan tanishdi.
Ikkinchi guruhga rolik namoyish etilib, daqiqasiga tegishlicha yurak urishini aks ettiradigan musiqa qo‘yib berildi. Uchinchi guruh a’zolari video namoyishidan so‘ng bilimlarini mustahkamlash uchun kompyuter o‘yiniga taklif qilindi. Nazariy qismdan so‘ng har bir bola manekenlarda olingan bilimlarni amaliyotda tekshirdi.
Tajriba yakuniga ko‘ra ma’lum bo‘lishicha, bolalarning ko‘pchiligi, o‘rgatish metodidan qat’iy nazar, kompleksni o‘zlashtirgan. Ammo musiqa va videoo‘yin bilan bilimini mustahkamlagan guruhda ko‘krak qafasiga bosish chastotasi nazorat guruhidagidan yaxshiroq ekanligi aniqlandi.
Izoh (0)