Bahraynning “al-Vifoq” muxolif harakati yetakchisi shayx Ali Salmon Qatar uchun ayg‘oqchilik qilishda ayblanmoqda. Bu ish bo‘yicha birinchi sud eshituvi 27-noyabr kuni bo‘lib o‘tadi, deb xabar beradi “TASS”.
Salmon bilan birga uning ikki safdoshi — Hasan Sulton va Ali Mahdiy ham sud oldida javob beradi. Ular ayg‘oqchilikda, qirollik manfaatlariga zarar keltirishda, mavjud tuzumni o‘zgartirishga harakat qilganlikda ayblanmoqda.
51 yoshli Ali Salmon 2014-yil dekabrida rejimga qarshi nafrat qo‘zg‘atish va harbiy to‘ntarishga chaqirishda ayblanib hibsga olingan edi. 2015-yili muxolifatchi to‘rt yilga ozodlikdan mahrum qilingan edi, ammo 2016-yil mayida oliy apellyatsiya sudi unga qarshi yangi — “rejimga qarshi fitna” ayblovini qo‘yib, qamoq muxlatini to‘qqiz yilga uzaytirdi.
Joriy yil aprelida kassatsiya sudi muxlatni to‘rt yilgacha qisqartirdi. Yangi ayblov bo‘yicha qamoq muddati yana oshirilishi mumkin.
Izoh (0)