Xitoy moliya vaziri o‘rinbosari Chju Guanyao mamlakat rasmiylari chet el fuqarolar tomonidan mahalliy moliyaviy kompaniyalar — banklar, investitsion fondlar, sug‘urta kompaniyalari, aktivlarni boshqaruvchi kompaniyalar va boshqalarga egalik qilinishiga o‘rnatilgan cheklovlarni yumshatishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi. Bu haqda “Kommersant.ru” xabar bermoqda.
Shu paytga qadar chet el fuqarolari qo‘shma korxonalarning 49 foizlik ulushiga egalik qilishi mumkin edi. Endilikda chegara 51 foizgacha ko‘tariladi, uch yildan so‘ng esa cheklovlar butunlay bartaraf etiladi.
Shuningdek, Xitoy tijorat banklari va aktivlarni boshqaruvchi kompaniyalarda chet el kapitali 20 foizdan oshmasligi bo‘yicha cheklov ham bekor qilinadi.
AQSh prezidentining Xitoyga tashrifidan bir kun o‘tib shunday qaror qabul qilindi.
Xitoy iqtisodiyotining turli sohalarida chet elliklar uchun cheklovlar o‘rnatilgan. Bundan mahalliy biznesni va ishlab chiqaruvchilarni chet ellik raqobatchilardan himoya qilish maqsadi ko‘zlangan edi.
“Bu juda muhim ramziy qadamdir. U partiyaning XIX syezdidan so‘ng yangi rahbariyat oldingiday moliyaviy liberalizatsiya va ochiqlikni yoqlashini ko‘rsatadi. Bu AQSh bosimini kamaytirishi mumkin”,— deb yangilikka izoh berdi Mizuho Securities Asia kompaniyasi katta iqtisodiyotchisi Shen Szyanguan.
Izoh (0)