Tayboksda muvaffaqiyatli odimlab kelayotgan Bobur Tog‘ayev Jahon Chempionatida zafar quchdi. Bu haqda Samarqand viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi matbuot xizmati “Daryo”ga ma’lum qildi.
Jahon Chempionatiga Xitoyning Chendu shahri mezbonlik qilgan. Tog‘ayev yarim finalda o‘zining prinsipial raqibi bo‘lgan xitoylik sportchi bilan oktagonga chiqib, uni mag‘lub etgan. Hal qiluvchi final jangida esa rossiyalik Dmitriy Grafov taslim etilgan. Sportchining murabbiyi Firuz Toshevning so‘zlariga ko‘ra, -67 kilogramm vazn toifasidagi taybokschilar orasida Bobur Tog‘ayev eng kuchlisi.
Bobur Tog‘ayev 1993-yil Samarqandda tug‘ilgan. U 7 yoshidan tayboks bilan shug‘ullanadi. 24 yoshli sportchi shu kungacha uch marta — 2010, 2011 va 2012-yillarda jahon chempionligini qo‘lga kiritgan. Osiyo O‘yinlarida esa ikki bor g‘olib chiqqan.
Tog‘ayevning bunday darajaga chiqishida mehnat qilgan Firuz Toshev 2014-yil Malayziyada o‘tgan Jahon Chempionatida eng yaxshi hakam deb topilgan.
Izoh (0)