30-oktabr kuni “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi Samarqand – Istanbul – Samarqand muntazam havo yo‘nalishini ishga tushirdi. Ikki mamlakat aviayo‘lovchilari orasidagi katta talabni inobatga olgan holda, 16-noyabrdan boshlab bu yo‘nalish bo‘yicha reyslar faqat dushanba emas, chorshanba kunlari ham amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Prezidentining Turkiyaga davlat tashrifi chog‘ida ta’kidlanganidek, Samarqand va Istanbul shaharlari orasida reyslarning ochilishi bo‘yicha kelishuvga erishilgani ikki tomonning fuqarolik aviatsiyasi sohasidagi hamkorlikni rivojlantirib borishga tayyorligini ko‘rsatadi.
Yangi yo‘nalish aviachiptalari darhol sotilib ketdi, bu Turkiyaga parvozlarga bo‘lgan talab yuqoriligini ko‘rsatmoqda. Bu Samarqand viloyati aholisiga chinakam sovg‘a bo‘ldi — endi ular Istanbulga uchish uchun Toshkentga borishi shart emas. Ilgari Samarqanddan Toshkentga borishga ketgan vaqt ichida Istanbulga yetib olish mumkin.
“O‘zbekiston havo yo‘llari”ning Boeing 757 laynerini bortidagi 177 yo‘lovchi bilan “Samarqand” xalqaro aeroportidan tantanali tarzda kuzatishdi.
O‘zbekiston va Turkiya turizm sohasida ulkan imkoniyatlarga ega. Bu salohiyatning to‘liq ro‘yobga chiqarilishi, turistik almashuvning kuchaytirilishi katta iqtisodiy samara beradi.
Samarqand – Istanbul reyslari Boeing va Airbus samolyotlarida quyidagi grafik bo‘yicha amalga oshiriladi:
Dushanba kunlari:
HY 275 Samarqand – Istanbul: Samarqanddan uchish — 20:00, Istanbulga yetib kelish — 23:00;
HY 276 Istanbul – Samarqand: Istanbuldan uchish — 00:30 (+1), Samarqandga yetib kelish — 06:45.
Chorshanba kunlari:
HY-275 Samarqand – Istanbul: Samarqanddan uchish — 18:55, Istanbulga yetib kelish — 20:55;
HY-276 Istanbul – Samarqand: Istanbuldan uchish — 22:25, Samarqandga yetib kelish — 05:40 (+1).
Toshkent – Istanbul reyslari soni o‘zgarishsiz qoladi.
Izoh (0)