Amerikalik olimlar Kaliforniya sohillarida yuzlab uch tishli akulalar o‘limiga sabab bo‘lgan parazitni aniqladi. Bu haqda, National Geographic nashriga tayanib, “RIA Novosti” xabar bermoqda.

Foto: Fotolia

2017-yilda mingdan ortiq dengiz yirtqichining “o‘z joniga qasd qilish”i qayd etildi: akulalar o‘zini qirg‘oqqa otib, suvsizlikdan halok bo‘ldi. Mahalliy ilmiy fond vakillari halok bo‘lgan baliqlardan bir nechtasini Kaliforniya baliq xo‘jaligi va tabiat resurslari departamentiga yuborgunga qadar bu holat sabablari mavhumligicha qoldi.

Boshqarma ekspertlari halok bo‘lgan akulalarning miyasi kuchli zararlanganligini aniqladi.

“Nimadir akulalarning burun teshigi orqali miyasiga o‘tib, uni yeb qo‘ygan, oqibatda yirtqichlar mo‘ljal olishni yo‘qotib, o‘zini qirg‘oqqa tashlab, halok bo‘lgan”, — deyiladi maqolada.

San-Fransisko Kaliforniya universiteti olimlari baliqlar orqa miya suyuqligi namunalarini oldi. Molekulyar ekspertiza tufayli yirtqichlar miyasi bilan Miamiensis Avidus parazitlari oziqlanganligini aniqlashga erishildi.

Tadqiqotchilar fikricha, kasallik avj olishiga yomg‘ir serobligi sabab bo‘lgan. U sohilbo‘yi suvlari sho‘rligini kamaytirgan. Yashash muhiti kimyoviy tarkibining o‘zgarishi akulalar immunitetini pasaytirgan va ularni parazitlar o‘ljasiga aylantirgan.