27-oktabr kuni O‘zbekiston Madaniyat vazirligi majlislar zalida vazirlik va Yoshlar ittifoqi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumni imzolash hamda ittifoqning vazirlikdagi yetakchilar kengashini saylash marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Daryo”ga Yoshlar ittifoqi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Marosimda madaniyat vaziri va Yoshlar ittifoqi markaziy kengashi raisi so‘zga chiqib, kelgusidagi rejalar haqida qisqacha nutq so‘zladi.
Memorandumga ko‘ra, har ikkala tashkilot bugungi kunda mustaqil fikrli, intellektual salohiyatli yoshlarni tarbiyalashda, avvalo, ularning ma’naviyatini shakllantirish masalasida yaqindan hamkorlik qiladi.
Kun tartibiga qo‘yilgan Yoshlar ittifoqining vazirlikdagi yetakchilar kengashini saylash marosimi ham shaffof tarzda, qizg‘in bahs-munozaralarga to‘la holda o‘tkazildi. Kengash a’zoligiga ittifoqning ikki yo‘nalishi bo‘yicha iqtisodiy tahlil va moliya boshqarmasi bosh mutaxassisi Shahboz Eshnazarov hamda yig‘ma axborot-tahlil boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Anvar Jumaniyozovlar saylandi.
Ittifoqning vazirlikdagi yetakchilar kengashi raisligiga teatrlar va konsert tomosha muassasalarini rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Ozodjon Yuldashev va ijodkor yoshlar bilan ishlash boshqarma boshlig‘i Jamoliddin Uzakov nomzodlari taklif qilinib, ishtirokchilarning 80 foiz ovozi bilan ijodkor yoshlar bilan ishlash boshqarma boshlig‘i Jamoliddin Uzakov saylandi va unga bevosita madaniyat vazirining yoshlar masalalari bo‘yicha vazir o‘rinbosari maqomi berildi.
Izoh (0)