23-oktabr kuni Prezident “2017–2020-yillarda shaharlarda ko‘p xonadonli arzon uylar qurish va rekonstruksiya qilish dasturi realizatsiyasi bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Bu haqda Norma xabar bermoqda.
Ma’lumot uchun, ushbu dastur 2016-yilning 22-noyabr kuni Prezident qarori bilan tasdiqlangan edi.
Yosh oilalar, eski uylarda istiqomat qiluvchilar va uy-joy sharoiti yaxshilanishiga muhtoj boshqa aholi qatlamlari vakillari bo‘lmish potensial zayomchilar bir oy ichida aniqlanadi. Ular bilan teng shartlarda (20 yillik kredit, 3 yillik imtiyozli davr, dastlabki 5 yil davomida 7 foizlik yillik to‘lov va h.k.) Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilariga kreditlar taqdim etiladi.
Ko‘rsatilgan kategoriyalar bo‘yicha arizalar kelib tushmasa, xonadonlar aholining boshqa qatlamlariga realizatsiya qilinadi. Bu holatda ipoteka o‘n yilga rasmiylashtiriladi, imtiyozli davr esa olti oyni tashkil etadi; o‘z navbatida, boshlang‘ich to‘lov kamida 50 foizga teng bo‘ladi.
Qarorda ikki oy ichida uy-joy taqsimlanishi va uzoq muddatli ipotekali kreditlar taqdim etilishi shaffofligini ta’minlash maqsadida tegishli elektron tizimni ishlab chiqish va joriy etish belgilandi.
2018-yilda ko‘p xonadonli uylar qurilishi uchun bir oy ichida zayomchilar bilan shartnomalar tuzilishi va boshlang‘ich to‘lovlar qabul qilinishi lozim. Boshlang‘ich to‘lovning o‘rtacha miqdori 25 foiz atrofida bo‘ladi. Kvartiralarning qavatlar bo‘yicha taqsimlanishida suiiste’molga yo‘l qo‘ymaslik uchun qavatga qarab to‘lov miqdori ham o‘zgarib boradi.
Izoh (0)