“O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi bort kuzatuvchisi lavozimiga qizlarni ishga taklif qilmoqda. Bu haqda UzNews ma’lum qildi.
Nomzodlarga qo‘yilgan talablar orasida O‘zbekiston fuqaroligi, Toshkentda doimiy yoki vaqtinchalik propiskaga ega bo‘lish, 18–25 yosh orasida bo‘lish, davlat tilidan tashqari, rus va ingliz tilini bilish, kamida o‘rta maxsus ta’limga ega bo‘lish kabilar bor.
Bundan tashqari, styuardessalarning tashqi ko‘rinishiga maxsus talablar qo‘yilmoqda. Ularning bo‘yi 162–175 santimetr orasida bo‘lishi, vazni bo‘yiga mos bo‘lishi, qaddi-qomati proporsional bo‘lishi, yuzi va tana qurilishida ko‘zga tashlanadigan nuqsonlar bo‘lmasligi lozim. Nihoyat, styuardessalarda sariq yoki oq metalldan tish koronkalari bo‘lmasligi, nutqda kamchiliklar kuzatilmasligi, soch turmagi chiroyli bo‘lishi talab etilmoqda.
Saralash chog‘ida nomzodlarning O‘zbekiston tarixi va geografiyasini, tarixiy obidalarini, tarixiy shaxslar va milliy qahramonlar tarjimai holini yaxshi bilishiga e’tibor qaratiladi.
Hujjatlar 10-noyabr sanasiga qadar qabul qilinadi.
Izoh (0)