Samarqand viloyati ichki ishlar boshqarmasi tomonidan davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda o‘tkazilayotgan profilaktika tadbirlari joylarda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etmoqda, deb xabar beradi O‘zA.
Kattaqo‘rg‘on tumanidagi Yakkabog‘ mahallasida tashkil etilgan ana shunday tadbirda profilaktik hisobda turgan shaxslar va vaqtincha ishsiz fuqarolar, notinch oilalar vakillari, mahalla va ta’lim muassasalari mutasaddilari ishtirok etdi.
Samarqand viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i F.Quvondiqov, huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi rahbari R.Rahmonov va boshqalar ichki ishlar organlari tomonidan aholi osoyishtaligini ta’minlash, joylarda huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar yuksak samaralar berayotganini ta’kidladi.
Viloyat bandlik va mehnat munosabatlari bosh boshqarmasi xodimlari tadbir ishtirokchilariga tumandagi korxona va tashkilotlarda mavjud bo‘sh ish o‘rinlari haqida ma’lumot berdi va natijada 25 nafar fuqaro ishga yo‘llanma oldi.
Tadbir doirasida mahalladagi sport maydonida kam ta’minlangan va notinch oilalar farzandlari ishtirokida sport musobaqalari o‘tkazilib, ishtirokchilar munosib taqdirlandi.
Izoh (0)