O‘zbekiston poytaxtida BLS International Tashkent kompaniyasining Ispaniya viza markazi ochildi. Bu haqda “Gazeta.uz” xabar bermoqda.
Ispaniya Tashqi ishlar va xalqaro hamkorlik vazirligining vakolatli markazi Ispaniyaga Shengen vizasini olish uchun viza xizmatlarini (konsultatsiya, yig‘imlar, hujjatlarni saralash va Ispaniyaning Moskvadagi bosh konsulligiga yuborish) taqdim etadi.
Toshkent markazidagi Istiqbol ko‘chasida joylashgan markaz avgustdan buyon sinov tartibida ishlab, 150 dan ortiq arizalarni ko‘rib chiqdi.
Markaz direktori Farangiz Abdullayevaning ta’kidlashicha, bahor-yoz mavsumida O‘zbekistondan Ispaniyaga charter reyslarini ochish mo‘ljallangan. Istiqbolda markaz Yevropaning boshqa mamlakatlari bilan hamkorlikni kengaytirishni rejalashtirgan.
Xalqaro BLS International kompaniyasi viza, pasport, attestatsiya olish, konsullik va fuqarolik xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha 22 davlatda faoliyat olib boradi.
Izoh (0)