Samarqand shahrida joriy yilda yangi qurilgan tramvay bekatlaridagi shahar xaritasida xatolar borligi ma’lum bo‘ldi. Bu haqda UZ24 xabar bermoqda.
“Zarafshon” gazetasiga ko‘ra, jumladan, “Tarix muzeyi” bekatidagi xaritada uning qutblari ko‘rsatilmagan. Aslida shaharning o‘rtasida joylashgan Amir Temur ko‘chasi xaritada Temiryo‘l vokzali bilan bog‘laydigan ko‘cha (Beruniy ko‘chasi o‘rnida) sifatida aks etgan.
Bo‘stonsaroy ko‘chasining yarmi shu nomda bo‘lib, uning yarmi Yo‘ldosh Oxunboboyev ko‘chasi, deb qayd etilgan. Ustiga-ustak, Bo‘stonsaroy ko‘chasining Amir Temur ko‘chasiga nisbatan joylashgan o‘rni noto‘g‘ri aks etgan. Temiryo‘l vokzaliga tutashgan Beruniy ko‘chasi ko‘rsatilmagan.
Ayrim ko‘chalar nomi xato yozilgan, xarita masshtabi ko‘rsatilmagan. Shartli belgilar ham chalakam-chatti yozilgan. Aeroport xaritada ifodalanmagan bo‘lsa-da, shartli belgilarda ko‘rsatilgan.
Nashr bekatlardagi bunday noto‘g‘ri xaritalar shaharga tashrif buyurgan mehmonlarni chalg‘itishini hisobga olib, ularni almashtirishni taklif etgan.
Izoh (0)