Rossiyaning Kaliningrad shahri meri Aleksandr Yaroshuk uning 2018-yilgi futbo bo‘yicha Jahon chempionati haqidagi so‘zlarini buzib talqin qilgan OAVni sudga berishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bu haqda TJournal xabar bermoqda.
Shu bilan birga, u masalaning yuridik tomonini o‘rganib chiqib ishlashga, agar matbuotning aybini isbotlash qiyin bo‘lsa, vaqt yo‘qotib o‘tirmasligini tan oldi.
“Yangilik tasmalariga ko‘z tashladim, qiziq maqolalar chiqdi. Biz ulardan kamida raddiya talab qilamiz. Agar ular hamkorlik qilishni istasa, ishni sudgacha olib bormaymiz. Ammo agar odamlar axborotni aniqlashtirishdan bosh tortsa, repressiv choralar ko‘rishimiz mumkin”, — dedi merning vakili Viktoriya Kashinskaya.
Muqaddam Yaroshuk shahar fuqarolarini imkon qadar Jahon chempionati o‘tadigan kunlari shaharni tark etishga chaqirgan edi.
“Shahar to‘lib-toshib ketadi. Harakatlanish juda qiyinlashadi, amalda taqiqlab qo‘yiladi, ishqibozlarni olib yuradigan ‘moki’lar istisno”, — degan edi Yaroshuk “Komsomolskaya pravda Kaliningrad” radiostansiyasi efirida.
Yaroshukning maslahatchisi bu o‘rinda gap shaxsiy transportdan foydalanish haqida ketganini aniqlashtirib o‘tdi.
“Bu kabi gap hatto aytilmagan edi. Agar suhbat to‘liq tinglansa, mer rostanam shaharliklarni mehmondo‘st bo‘lishga chaqirgani, o‘zining Belarusga, xokkey bo‘yicha Jahon chempionatiga safari haqida gapirib bergani oydinlashadi”, — deb tushuntirdi vaziyatni Kashinskaya.
Kashinskaya jurnalistlar ba’zan axborotni “o‘ninchi manba”dan olishini qo‘shimcha qilib o‘tdi.
Izoh (0)