Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi 14-noyabr kuni BAAga qarshi o‘rtoqlik o‘yinida maydonga tushadi. Bir kun avval futbol saytlarida paydo bo‘lgan norasmiy xabarni, O‘FF matbuot xizmati 18-oktabr kuni tasdiqladi.
Unda BAA bilan muzokara yakuniga yetgani aytilgan. Uchrashuv Amirliklarda bo‘lib o‘tadi. Shahar, stadion va o‘yin vaqti keyinroq ma’lum qilinadi.
Bu O‘zbekiston termasining JCh—2018 saralashida muvaffaqiyatsizlikka uchraganidan buyon birinchi o‘yini bo‘ladi. Amirlik termasida ham vaziyat deyarli shunday. Farqi — BAA bosh murabbiy sifatida italiyalik Albert Dzakkeronini tanishtirib ulgurdi. O‘FF esa termaga yangi bosh murabbiy topganicha yo‘q.
Bungacha faqat xorijlik murabbiy O‘zbekiston termasini qabul qilib olishi bong urilgan bo‘lsa, 17-oktabr kuni “Nasaf” ustozi Ro‘ziqul Berdiyevning vaqtinchalik ishlab turishi borasida xabarlar paydo bo‘lgandi. O‘FF ham, Berdiyev ham bu xabarlarni tasdiqlamadi, shuningdek, inkor ham qilmadi. Hammasi tashkilot prezidenti Qatardan qaytganidan so‘ng aniq bo‘lishi aytildi.
Qatargacha O‘FF prezidenti Umid Ahmadjonov BAAda bo‘lib, mamlakat Futbol Assotsiatsiyasi bilan memorandum imzolagandi. Amirlik termasiga qarshi o‘rtoqlik o‘yini shuning asosida tashkil etiladi. Shuningdek, 4-dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan “Bunyodkor” — “Lokomotiv” o‘rtasidagi O‘zbekiston Kubogining final uchrashuvini BAAdan tashrif buyuradigan hakamlar boshqarishi aytilgan.
2019-yilgi Osiyo Kubogiga aynan BAA mezbonlik qiladi. Memorandum imzolangan ikkinchi mamlakat Qatar esa 2022-yilgi Jahon Chempionatini o‘tkazadi.
Izoh (0)