Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

“Kommersant.uz” nashrida “‘Aql oqimi’ni orqaga burish. Ketganlarni qanday qaytarish mumkin?” sarlavhasi ostida maqola chop etildi. Uni o‘z holicha e’tiboringizga havola qilamiz.

Foto: “Kommersant.uz”

Foto: “Kommersant.uz”

Nyu-Yorkda, BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi ishtiroki davomida Prezident Shavkat Mirziyoyev AQShda yashayotgan bir guruh vatandoshlarimiz bilan uchrashdi va Vatanga qaytishga qaror qilganlarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanligini bildirdi.

Xorijga chiqib ketganlarni qaytarish konsepsiyasi – yangilik emas. Mutaxassislar bu yo‘lni tanlagan mamlakatlarni bir necha toifaga bo‘ladilar.

Chunonchi, birinchi guruhga kiruvchi davlatlar uchun sobiq fuqarolarni ortga qaytarish – pirovard maqsad, u nafaqat rasmiy siyosat, balki milliy o‘zlikni anglashning tamal toshi bo‘lib xizmat qiladi. Ko‘pincha bu ezgu maqsad ortida geosiyosiy sabablar ham yotadi: o‘zga yurtlardagi vatandoshlarni himoya qilish bahonasida jahon afkor ommasi nazdida tushunarsiz ko‘rinadigan ko‘pgina ishlarga qo‘l uriladi.

Ikkinchi toifa mamlakatlar demografik muammolar sababli emigrantlar kuchiga umid bog‘lashadi: tug‘ilishning kamayib ketishi va parallel ravishda pensionerlar sonining ortishi barqaror taraqqiyot uchun jiddiy muammolarni yuzaga keltiradi. Bu holatda vatandoshlar – til va madaniy moslashuvni, shunga yarasha qo‘shimcha xarajatlarni talab qilmaydigan ishchi kuchidir.

Uchinchi guruh (O‘zbekiston ham shular jumlasidan) uchun ortga qaytish – bu mamlakat iqtisodiy o‘sishini jonlantirish uchun investitsiyaviy-moliyaviy va ilmiy-texnologik resurslarni to‘plash usulidir. Bunda yangi mamlakatda o‘z o‘rnini topa bilgan, o‘qimishli va yuqori malakali, tarixiy Vataniga foyda keltirishga qodir kadrlar diqqat markazida turadi.

Globallashuv vatandoshlar aqli, daromadlari va aloqalari uchun raqobatni kuchaytirdi. Ko‘plab davlatlar minglab, millionlab insonlarni qamrab oluvchi (ular orasida O‘zbekiston fuqarolari ham bor) repatriatsiya dasturlarini amalga oshirmoqda. Bu esa, respublika ishchi kuchi, intellektual resurslari va, eng muhimi, o‘zining ko‘p millatli xalqini boy berayotganligini anglatadi.

Yaqinimizda joylashgan Rossiyani olaylik: bu yerda 2006-yildan buyon Vatandoshlarni qaytarish dasturi amal qilib kelmoqda. 2005-yildan 2015-yilga qadar ushbu hujjat doirasida RFga 367 ming nafardan ziyod kishi ko‘chib o‘tdi, ularning 22,1 foizi – o‘zbekistonliklar (RF hukumati rasmiy  veb-saytidan).

Qo‘shni Qozog‘istonda 2016-yilda “oralman” (qozoqchasiga – “qaytuvchi”) statusiga 33 754 kishi ega bo‘ldi. Ularning 65,5 foizi O‘zbekistondan kelgan, deya ma’lumot beradi QR Mehnat va aholini ijtimoiy himoya qilish vazirligi. 1991-yildan to 2017-yil 1-aprelgacha jami 1 million odam Qozog‘istonga qaytgan.

Vatandoshlarni qanday qaytarish mumkinligi va lozimligiga yorqin misol – Isroil. SSSR parchalanganidan keyin bu mamlakatga 1,2 milliondan ziyod repatriantlar ko‘chib kelgan, ular mamlakat aholisining 15 foizini tashkil qiladi. Turli ma’lumotlarga ko‘ra, Isroilda o‘zbek zaminida tug‘ilgan 120 mingdan 160 minggacha inson istiqomat qiladi.

Shu nuqati nazardan, Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekistondan chiqib ketganlarni respublika taraqqiyotiga o‘z hissalarini qo‘shishga chaqirig‘i dolzarb ahamiyatga ega. Ichki va tashqi siyosatda keyingi yilda ro‘y berayotgan katta o‘zgarishlar jahonda O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqishni oshirdi. Mamlakatni tark etgan vatandoshlar ham jonlanib qolishdi. Ular ijtimoiy-siyosiy soha modernizatsiyasi, korrupsiyaga qarshi kurash, valyuta siyosatining liberalizatsiyasi borasidagi chora-tadbirlarni qiziqish bilan kuzatib bormoqdalar. Eng yuqori darajada e’lon qilingan siyosiy iroda ham mavjud.

Iqtidorlarning xorijdan qaytishlari uchun qulay palla yuzaga keldi. Bu vaziyatdan oqilona foydalanilsa, O‘zbekistonda “aqllar oqimi”ning tashqariga emas, balki ichkariga qarab “oqishi”ga erishish mumkin. Jahon tajribasi ko‘rsatishicha, bu boradagi sa’y-harakatlar uchta yo‘nalishni qamrab olishi kerak: siyosat, huquq va institutsional soha.

Siyosat sohasida O‘zbekistonga vatandoshlarni qaytarish bo‘yicha maxsus dastur ishlab chiqish va qabul qilish zarurati yuzaga kelmoqda. Unda imtiyozlar va preferensiyalar, ishga joylashtirish uchun ustuvor sohalar va mintaqalar, aniq muddatlar, mas’ul vazirliklar va idoralar ko‘rsatilishi lozim. Yangi kadrlar faqat poytaxtda emas, balki viloyatlarda ishlashlari, mahalliy boshqaruv tizimiga yangi ruh olib kirishlari muhim. Bu dasturni, muddatlar va rejalashtiriladigan choralar borasida, respublikada amal qilayotgan 2017–2021-yillardagi Harakatlar strategiyasiga bog‘lash maqsadga muvofiqdir.

Huquqiy jihatdan vatandosh-immigrantlar uchun fuqarolik olinishini yengillatish kerak. Buning uchun qonunchilikka o‘zgartishlar, qo‘shimchalar kiritish talab etiladi. XXR, Rossiya va boshqa davlatlar tajribalari ko‘rsatadiki, hukumat uchun eng katta qiziqishga ega bo‘lganlar – doktorlik darajasiga va shtat lavozimiga ega dongdor olimlarni qaytarish eng murakkab ish bo‘ladi. Ularning aksariyati, ko‘pi bilan, o‘rindoshlikka va “borib-kelib ishlash”ga rozi bo‘ladi. Buning uchun esa, o‘z navbatida, kirish-chiqish tartibi va kerakli hujjatlarni hozirlashni soddalashtirish lozim.

Institutsiyaviy munosabatlar borasida hukumat tuzilmasida chetdan iqtidorlarni jalb qilish va ularni ish bilan ta’minlashga mas’ul muassasani tashkil etish zarur. Navbatdagi byurokratik tuzilmani ta’sis etishdan chetlanish uchun, mamlakatimiz sharoitida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasiga shunday vakolat berish maqsadga muvofiq – bu muassasa boshqaruv kadrlarini tayyorlash bo‘yicha salmoqli texnik va intellektual bazaga ega.

Yolg‘iz otning changi chiqmasligini bilamiz. Davlat idoralarida, xususiy kompaniyalarda yoki jamoat tashkilotlarida yuqori lavozimlarni egallagan qaytuvchilar bir lahzada O‘zbekistonni ikkinchi Amerikaga aylantirib yuborishlarini kutish xomxayollikdir. Zotan ular rahbarlik lavozimlarini egallashlari, ularning topshiriqlarini o‘sha-o‘sha ofis xodimlari bajarishi ko‘zda tutilmoqda. Ijrochilarning tafakkurini o‘zgartirmay turib, yuksak natijalarga erishish qiyin bo‘ladi.

Anvar Arabov

Izoh
Asosiy yangiliklar
Dunyo
Turkiyadagi zilzila: Qirg‘izistonda deputatlar maoshini zilzila qurbonlariga yordam uchun o‘tkazmoqchi
Dunyo
Bayden kelgusi prezidentlik sayloviga nomzodini qo‘yish-qo‘ymasligi haqidagi savolga javob berdi
Mahalliy
Nukus voqealari bo‘yicha uch nafar huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimi qamoqqa olindi