Professional ringda 10 ta jang o‘tkazib, ularning hammasida raqiblarini nokautga uchratgan o‘zbekistonlik Shohjahon Ergashev AQShning Detroyt shahriga yetib bordi. Tez orada u faoliyatidagi 11-jangni o‘tkazish uchun Nyu-Yorkka yo‘l oladi.

Foto: Telegram

Bokschi AQShga yetib kelishi bilan “Daryo” nashri uchun intervyu berdi.

AQSh kuchli bokschilarni o‘ziga chorlab, ularni yuqori cho‘qqiga olib chiqadigan joy. Boks markazi menda hozirdanoq yaxshi tassurot qoldirdi.

11-noyabr kuni meksikalik bokschiga qarshi ringga chiqaman. Moskvada jangga yaxshi tayyorgarlik ko‘rdim. Endi Amerikaning o‘zida mashg‘ulotlarga jiddiy e’tibor qarataman.

Shohjahon Ergashev, bokschi

Amerika bokschilarni nafaqat cho‘qqiga olib chiqadi, balki raqobatga turib bera olmaganlarni “g‘arq qilib” ham yuboradi. Rossiya ringlaridagi jang va bilan Amerikadagisini solishtirish qanchalik o‘rinli?

Menga 10 ta jangni Rossiyada o‘tkazganim, Amerikada ring umuman boshqa ekani haqida ko‘p aytishdi. Bu kabi fikrlarga javobim bitta: agar bokschi jangga ruhan tayyor bo‘lsa va o‘sha kungacha mashg‘ulotlardagi qiyinchiliklardan qochmay, jiddiy tayyorgarlik ko‘rgan bo‘lsa, ring qayerda joylashganining ahamiyati yo‘q. Har tomonlama tayyor sportchi Rossiyada ham, AQShda ham zafar qucha oladi.

Shohjahon Ergashev, bokschi

Foto: Telegram

Shohjahon Ergashevni chamasi 1 yil avval ham ko‘pchilik tanimasdi. Biroq ketma-ket 10 ta jangda raqiblarini nokautga uchratgach, u nafaqat o‘zbekistonlik, balki rossiyalik muxlislarning ham yoqimtoyiga aylandi. Ammo savol tug‘iladi: ketma-ket 10 ta nokautning siri nimada? Yoki raqiblar saviyasi talab darajasida emasmidi?

Ha, avvalgi 10 ta jangimning barchasida zafar quchdim. Ko‘pchilik bunda raqiblarining saviyasi o‘zi qanday ekan, deb o‘ylashi tabiiy. Ammo o‘ylab ko‘ring, mening saviyam ularnikidan yuqorimidi? Men jahon yoki Olimpiada chempioni emasman, barchasini “0” dan boshladim va shu kungacha qarshimdan chiqqanlarni mag‘lub etdim.

Boks o‘zi shunday. Ilk jangdayoq kuchli raqibga ro‘baro kelishning iloji yo‘q. Gennadiy Golovkindan tortib, Saul Alvaresga qadar shunday boshlagan. Nasib bo‘lsa, kelajagim qanday bo‘lishini vaqtning o‘zi ko‘rsatadi.

Shohjahon Ergashev, bokschi

Shohjahon Ergashev borasida ma’lumlari hozircha shular. Jang 11-noyabr kuni Nyu-Yorkda. Raqib — meksikalik. Biroq aynan kim ekani hozircha noma’lum.

Foto: Telegram

Har bir sportchining maqsadi bo‘ladi. U menda ham bor. Boks markazi Amerikada o‘zimni ko‘rsatib, oltin kamarni O‘zbekistonga olib borishni istayman!

Shohjahon Ergashev, bokschi