O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12-oktabr kuni BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining din va e’tiqod erkinligi masalasi bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Ahmad Shahidni qabul qildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Foto: O‘zA

Davlat rahbari mehmonni qutlar ekan, O‘zbekiston Respublikasining BMT, uning tuzilma va institutlari bilan amaliy va o‘zaro manfaatli hamkorligi mustahkamlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Joriy yil may va iyun oylarida BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish va Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Zayd Ra’d al-Husaynning O‘zbekistonga tashriflari hamda ular bilan o‘tkazilgan uchrashuvlar, shuningdek, Shavkat Mirziyoyevning sentabr oyida BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi ishtiroki yakunlari bo‘yicha BMT Barqaror taraqqiyot maqsadlariga muvofiq o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan “yo‘l xaritalari” qabul qilindi va amalga oshirilmoqda.

Millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni mustahkamlash O‘zbekistonni rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan uzoq muddatli Harakatlar strategiyasi va BMT bilan keng ko‘lamli hamkorlik dasturining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekani alohida ta’kidlandi.

Foto: O‘zA

BMT maxsus ma’ruzachisi O‘zbekistonda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, bag‘rikenglik va vijdon erkinligini ta’minlash, dinga e’tiqod qiluvchilarning huquqlarini himoya qilish va ularning kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha yangi bosqichda amalga oshirilayotgan o‘zgarish va islohotlarni yuksak baholadi.

Maxsus ma’ruzachi O‘zbekiston Prezidenti tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida bayon etilgan tashabbuslarning dolzarbligi va o‘z vaqtida ilgari surilganini alohida qayd etdi.

Xususan, Ahmad Shahid “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” nomli maxsus rezolyutsiyani qabul qilish to‘g‘risidagi taklifi, Samarqandda Imom Buxoriy nomidagi xalqaro tadqiqot markazi va Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazi tashkil etilayotgani to‘liq qo‘llab-quvvatladi.

Uchrashuvda vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risidagi qonunchilikni takomillashtirish, dinlararo va millatlararo munosabatlar sohasida o‘zaro muvofiqlashtirilgan choralar ko‘rish va qo‘shma tadbirlar o‘tkazish masalalari ham muhokama qilindi.

BMT maxsus ma’ruzachisi Ahmad Shahid Shavkat Mirziyoyevga samimiy qabul hamda O‘zbekistonga tashrifi tadbirlarga boy dastur asosida tashkil etilgani uchun minnatdorlik bildirib, O‘zbekiston bilan tizimli, ochiq va amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyorligini qayd etdi.