5-oktabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining din va e’tiqod erkinligi masalasi bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Ahmad Shahid bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Mehmonlarni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari qabul qildi, deyiladi idora saytida e’lon qilingan xabarnomada.
Muftiy delegatsiya a’zolariga O‘zbekiston musulmonlari idorasi faoliyati, mamlakatda faoliyat yuritayotgan 2042 masjid, to‘qqizta o‘rta-maxsus islom bilim yurti, ikkita oliy o‘quv yurti haqida atroflicha ma’lumot berdi.
Suhbat davomida Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh assambleyasining 72-sessiyasida so‘zlagan nutqi hamda bildirgan takliflari haqida ham alohida to‘xtalib o‘tildi.
Samimiy ruhda kechgan uchrashuv yakunida BMTning maxsus vakili Ahmad Shahid O‘zbekistondagi turli din vakillari o‘rtasidagi totuvlik va hamjihatlik dunyoning hech bir davlatida kuzatilmasligini e’tirof etdi.
Ahmad Shahid boshchiligidagi delegatsiya a’zolariga O‘zbekiston musulmonlari idorasining esdalik sovg‘alari taqdim etildi. O‘z navbatida, Ahmad Shahid muftiy hazratlariga qabul uchun alohida minnatdorchilik bildirdi.
Izoh (0)