Toshkentda so‘nggi sakkiz kun ichida inson o‘limi bilan bog‘liq to‘rtta yo‘l-transport hodisasi yuz berdi. Bu hodisalar oqibatida besh kishi halok bo‘ldi. “Gazeta.uz” tahririyati O‘zbekiston poytaxtida inson o‘limi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalari har yili asosan bir xil joylarda yuz berishini qayd etib, muammo — yo‘llarni loyihalash ishlaridagi uquvsizlik va ochiq muammolarni ko‘rmaslikda ekanini ta’kidladi.

Yil boshidan beri Toshkent yo‘llarida o‘nlab odamlar halok bo‘ldi. Mamlakat miqyosida bu raqamlar har yili minglarni uradi. Bu yalang‘och raqamlar ortida — minglab oilalarning fojiasi, izdan chiqarilgan taqdirlar, mamlakat uchun o‘rnini to‘ldirib bo‘lmas yo‘qotishlar bor.

Foto: “GUVD.uz”

Omma orasida keng tarqalgan fikrlarga qarshi o‘laroq, yo‘l-transport hodisalari (YTH) — tasodif yo muqarrarlik emas. Yo‘llardagi avariyalarning aksariyati uquvsiz loyihalash ishlarining hosilasidir. Bu — butun dunyoda tan olingan yo‘l va ko‘chalar qurish bo‘yicha metodlarning yillar davomida rad etilishi oqibatidir.

Inson manfaatlari eng oliy qadriyat deb e’lon qilingan, har minbardan bolalar va keksalar haqida qayg‘urish lozimligi haqida bong urilayotgan mamlakatda har bir YTH izchil tahlil etilishi va yangi shunday hodisalar yuz bermasligi uchun shoshilinch choralar ko‘rilishi lozim. Biroq Toshkentda odamlar yillar osha o‘sha-o‘sha tanish joylarda avtomobil g‘ildiraklari ostida qolib ketishda davom etmoqda.

Bunday vaziyatga nisbatan jamiyatning e’tiroz bildirilmasligi va hukumatning harakatsizligi yo‘llardagi o‘lim holatlari ham aholi tomonidan, ham amaldorlar tomonidan toqat qilsa bo‘lgulik holat sifatida qabul qilinayotganini tasdiqlaydi. Bunda barcha aybni “haydovchilik madaniyati”ga yuklash odat tusiga kirgan, biroq hech kim yo‘l harakatining noto‘g‘ri tashkil etilgani haqida gapirmaydi.

Yo‘llarda YTHlar yuz berishiga imkon tug‘diradigan sharoitlarni yaratgani uchun kimdir javobgarlikka tortilgani haqida eshitganmisiz? Piyodalar o‘tish joylari va chorrahalarga o‘ylamay o‘rnatilgan ajratuvchi to‘siqlar o‘rnatilgani uchun, svetoforlar va xavfsizlik orolchalari yo‘qligi uchun, chiziqlar noto‘g‘ri chizilgani yoki yo‘l belgilarining yetishmasligi uchun-chi?

O‘zbekiston yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining faoliyati samarasiz tashkil etilganini tan olish vaqti kelmadimikan? Tatbiq etilayotgan metodlar esa allaqachon eskirib bo‘lganini-chi? Yo‘llarda YHXBBning ko‘plab xodimlari xizmatda turishi ham yo‘llardagi avariyaviylik darajasini kamaytira olmasligini balki tan olarmiz?

Tushunib bo‘lmas sabablarga ko‘ra, O‘zbekiston avariyalar va yo‘llardagi o‘limning asosiy sababi yuqori tezlik ekanini allaqachon tushunib yetgan dunyoning rivojlangan mamlakatlari qatoriga kirishga harakat qilmaydi. Bu mamlakatlarda shahar ko‘chalarida ruxsat etilgan tezlik soatiga 50 kilometrdan, maktab va bolalar bog‘chalari oldida esa so‘zsiz “soatiga 30 kilometr”lik hududlar amal qiladi. Bu mamlakatlarda haydovchilar xohlasa ham tezlikni oshira olmaydigan, harakatni sokinlashtiruvchi sharoitlar yaratiladi.

“Avvalambor, olimlarimiz tajribalar o‘tkazishi lozim. Tezlikning pasaytirilishi ekologiyaning yomonlashuviga olib keladi. Agar maktab o‘quvchisi yo‘l harakati qoidalariga amal qilmayotgan bo‘lsa, bunga ota-onasi aybdor”, — bu YHXBB vakillarining turli davra suhbatlarida “Gazeta.uz”ning savollariga qaytargan so‘zma-so‘z javoblari.

Tayyor, har tomonlama tadqiq etilgan va asoslangan takliflar o‘n yillardan beri ko‘plab mamlakatlarda tatbiq etilib, yo‘llardagi o‘lim holatlari soni kamayishiga sezilarli hissa qo‘shib kelmoqda (va bunda gap mushtariylarimiz taklif etayotgan yerosti va yer usti piyodalar o‘tish yo‘llari haqida emas). Shunchaki ochiq-oydin ko‘rinib turgan narsalarga nazar solish va yo‘llardagi o‘lim holatlari sonini nolga tushirishni maqsad qilib qo‘yish kerak, xolos.