Normativ huquqiy hujjatlar muhokamasi portaliga Prezidentning “Mobil qurilmalarni O‘zbekiston Respublikasiga olib kirish va ro‘yxatga olish tizimini tartibga solishning qo‘shimcha  chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylandi, deb yozadi Norma.

Foto: Norma

O‘zbekistonda mobil qurilmalarning IMEI (mobil uskuna xalqaro identifikatori, qurilmaning unikal raqami, *#06# terilsa, ekranga chiqadi) kodlarini majburiy tarzda ro‘yxatga olish tizimini joriy qilish taklif etilmoqda. IMEI kodlari ro‘yxatdan o‘tkazilmagan mobil qurilmalardan foydalanuvchi abonentlarga uyali aloqa xizmatlarini ko‘rsatish taqiqlanadi.

Loyihani ishlab chiqqan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi fikricha, bunday choralar mamlakatga mobil qurilmalarni noqonuniy tarzda olib kelish va sertifikatlanmagan qurilmalardan foydalanish oldini oladi; mobil qurilmalarni olib kirishda bojxona bojlarining budjetga tushishini ko‘paytiradi; mobil qurilmalarni noqonuniy olib kirishga qarshi kurash samaradorligini oshiradi.

Ro‘yxatga olish tizimi operatori — “O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish Respublika markazi” DUK, mobil qurilmalarni sertifikatlash bo‘yicha yagona organ — “UNICON.UZ” ilmiy-tadqiqot va marketing tadqiqotlari markazi bo‘ladi.

IMEI kodlarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun to‘lov olinadi, uni Vazirlar Mahkamasi belgilaydi.