“O‘zbekenergo” aksiyadorlik jamiyati buyurtmasi asosida barpo etilayotgan va umumiy qiymati qariyb 1 milliard 200 million dollarga teng To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasi Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA), O‘zbekiston Respublikasining Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi, “O‘zbekenergo” aksiyadorlik jamiyati va davlat budjeti tomonidan moliyalashtirilmoqda. Mazkur obyektda o‘tgan davr mobaynida asosiy qurilish-montaj ishlariga tayyorgarlik doirasida salmoqli ishlar qilindi, deb yozadi O‘zA.
“Stansiya qurilishi 2013-yilda boshlangan. Hozirgacha obyektga eltadigan yo‘l va kommunikatsiya tarmoqlari barpo etildi, direksiya ma’muriyati uchun ikki qavatli bino, yong‘in xavfsizligi xizmati inshootlari, soatiga 120 kubometr beton ishlab chiqarish quvvatiga ega zavod va boshqa yordamchi xo‘jalik inshootlari qurib bitkazildi. Ayni paytda kelgusida stansiyada ishlaydigan 750 nafar ishchi-xizmatchi uchun turar joy binolari qurish, ichimlik suvi tarmog‘ini tortish, bug‘-gaz qurilmasi, dispetcherlik punkti, markaziy va boshqa omborxonalar barpo etish ishlari jadal davom ettirilmoqda. Rejadagi 2 million 513 ming kubometrdan ziyod yer ishlaridan 1 million 925 ming kubometri bajarib bo‘lindi”, — deydi “To‘raqo‘rg‘on issiqlik stansiyasi qurilishi” unitar korxonasi direktori vazifasini bajaruvchi N.Nasibaliyev.
Issiqlik elektr stansiyasi uchun ajratilgan 90 gektardan ziyod yer ulkan qurilish maydonini eslatadi. Bu yerda 370 dan ziyod ishchi-xizmatchi, jumladan, 42 nafar xorijlik mutaxassis mehnat qilmoqda. 80 dan ortiq maxsus texnika vositasi jalb qilingan. Obyektda joriy yil yakuniga qadar 100 million dollarlik qurilish-montaj ishlari bajarilishi rejalashtirilgan.
Energobloklar qurilishi Yaponiyaning Mitsubishi corporation va Mitsubishi hitachi power system kompaniyalar konsorsiumi bosh pudratchiligida bajariladi. Loyihada Turkiyaning Calik energi kompaniyasi ham bosh yordamchi pudratchi sifatida hamkorlik qilmoqda. Qurilish ishlari sifati esa buyurtmachi va uning konsultanti – Yaponiyaning TEPSKO kompaniyasi tomonidan nazorat qilib boriladi.
1-energobloki 2019-yilning dekabrida, 2-energobloki va issiqlik elektrostansiyasining to‘liq ishga tushirilishi 2020-yil mart oyiga mo‘ljallangan mazkur loyiha nafaqat Farg‘ona vodiysini elektr energiyasi bilan ta’minlash imkonini beradi, balki mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotida ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Izoh (0)