26-sentabr kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligida mamlakatda amaliy tashrifini yakunlayotgan Birlashgan Qirollik Tashqi ishlar va Hamdo‘stlik ishlari bo‘yicha vazirligi doimiy kotibi Saymon Makdonald bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar berdi.
Muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston – Buyuk Britaniya munosabatlarining siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsion, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi holati ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlariga alohida e’tibor bergan holda ko‘rib chiqildi.
Britaniya tomoni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 19-sentabr kuni BMT Bosh Assambleyasida so‘zlagan nutqining asosiy qismlari bilan tanishtirildi.
O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar ikki mamlakat o‘rtasidagi barcha o‘zaro manfaatli sohalarda hamkorlikni kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar ochib berayotganligi ta’kidlandi.
Uchrashuvda O‘zbekiston hukumat delegatsiyasining Buyuk Britaniyaga bo‘lajak tashrifining amaliy jihatlari ko‘rib chiqildi.
Suhbat chog‘ida dolzarb xalqaro va mintaqaviy muammolar yuzasidan ham fikr almashildi.
Muzokaralarda Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchisi Kristofer Allan ishtirok etdi.
Izoh (0)