O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 25-sentabr kuni mamlakatga amaliy tashrif bilan kelgan Rossiya Federatsiyasining Tatariston Respublikasi Prezidenti Rustam Minnixonovni qabul qildi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidentining rasmiy saytida ma’lum qilindi.
Davlat rahbari mehmonni qutlar ekan, oliy darajadagi uchrashuvlar chog‘ida erishilgan kelishuvlar hamda joriy yil aprel oyidagi Rossiyaga davlat tashrifi doirasida imzolangan ikki mamlakat hududlari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimga muvofiq Tatariston va Rossiyaning boshqa subyektlari bilan aloqalar faollashib borayotganini alohida ta’kidladi.
Mavjud ulkan sanoat salohiyati, an’anaviy yaqin hamkorlik va ko‘p asrlik madaniy-tarixiy aloqalar ko‘p qirrali o‘zaro sheriklikni tubdan kengaytirish uchun ishonchli poydevor yaratayotgani qayd etildi.
Uchrashuvda amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirish va uni aniq mazmun bilan boyitishga doir masalalar batafsil ko‘rib chiqildi.
O‘zaro savdo hajmini oshirish, neft-gaz, neft-kimyo, kimyo, avtomobilsozlik, mashinasozlik, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi tarmoqlari, axborot texnologiyalari sohasi va boshqa yo‘nalishlarda investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish uchun keng imkoniyatlardan samarali foydalanishga alohida e’tibor qaratildi.
Ta’lim, ilm-fan, sog‘liqni saqlash, madaniy-gumanitar almashuv va sayyohlik sohalaridagi aloqalarni faollashtirish va qo‘shma dasturlarni amalga oshirish muhimligi qayd etildi.
Rustam Minnixonov Shavkat Mirziyoyevga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, O‘zbekiston bilan keng ko‘lamli hamkorlikni mustahkamlashga tayyor ekanini ta’kidladi.
Izoh (0)