Garri Potter haqidagi kitoblar to‘plamining ilk nashr etilgan nusxasi AQShdagi auksionda o‘zining dastlabki bahosidan 5 baravar qimmatroqqa ya’ni 81,2 ming dollarga sotildi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.

Foto: “TASS”

Shu tarzda mualif imzosi bo‘lmagan badiiy kitob uchun auksion rekordi o‘rnatildi.

O‘tgan yili o‘tkazilgan auksiondagi rekord ham Garri Potter haqidagi kitobning ilk nashriga tegishli. O‘shanda kitob uchun 60 ming dollar atrofida pul taklif qilishgan edi.

Yozuvchi Joan Roulingning “Garri Potter va falsafiy tosh” nomli kitoblar turkumining birinchi qismi 1997-yilda Britaniyaning Bloomsbury nashriyoti tomonidan 500 nusxada chop etilgan.

Auksionda ishtirok etgan kitob o‘sha yilda taxminan 15 dollarga sotib olingan va hozirgi vaqtga qadar shaxsiy kolleksiyada saqlab kelingan.

“Biz Garri Potter dunyosining ko‘plab ajoyib narsalarini sotganmiz, biroq hech qachon rekord haqida o‘ylamaganmiz”, — deydi Dallas shahrida bo‘lib o‘tgan auksion xodimi Jeyms Gennon.

Garri Potter haqidagi kitoblar turkumi 500 milliondan ortiq nusxada chop etilgan. Kitob 70 dan ortiq yilga tarjima qilingan. Butun dunyoda misli ko‘rilmagan mashxurlikka erishgan kitoblarning so‘nggi qismi 2007-yilda o‘quvchilar qo‘liga yetib bordi.