Yevropalik futbolchilar nimasi bilan kuchli, deysizmi? Ular faqatgina futbolga bog‘lanib qolmagan. Tyeri Anri butsasini mixga ilib, tuppa-tuzuk sharhlovchiga aylanishi, Karrager esa mashhur jurnalist bo‘lishi mumkin. Yaqindagina futbolchilik faoliyatini yakunlagan Germaniya milliy terma jamoasining faxriy futbolchilaridan biri Filipp Lam ham bekor yurishni istamadi — u Bild nashri uchun Germaniya kansleri Angela Merkeldan eksklyuziv intervyu oldi.
Saylov arafasida chop etilgan mazkur intervyuni “Sports.ru” nashri ruschaga tarjima qildi, “Championat.asia” esa uni o‘zbek tiliga o‘girdi. “Daryo” o‘quvchilari uchun ham atoqli futbolchi hamda Germaniyaning birinchi odami o‘rtasidagi samimiy suhbat qiziq bo‘lishi tabiiy.Lam kelishilgan joyga vaqtida yetib keldi. Ammo Merkel xonim o‘z odatlariga qarshi borishga majbur bo‘ldi. Unga muhim qo‘ng‘iroq bo‘lib qoldi, shu sababli kansler Lam qarshisiga 15 daqiqa kechikib chiqdi.
Futbolchi bundan hafa bo‘lgani yo‘q, aksincha, Merkel uning kayfiyatini ko‘tarish uchun o‘z idorasida maxsus ekskursiya uyushtirib berdi. Yo‘lakdagi galereya, Merkelning Reyxstatga o‘xshash xonasi, kanslerning Lamga kofe quyib berishi — hammasi ajoyib edi. Ha, aytgancha, Merkel mehmonlariga doimo o‘zi kofe quyib beradi. Shu asnoda xonim sobiq futbolchiga kansler parlamentni doim ko‘rib turishi uchun ham arxitektor binoni shu uslubda qurganini tushuntirdi. Intervyu uchun ular ikki qavat pastga — davlat banketlari o‘tkaziladigan zalga tushdi.
Filipp Lam: Men sobiq futbolchi, ayni vaqtda tadbirkor, fond asoschisi va ota sifatida bu yerda o‘tiribman. Sanab o‘tganlarimning har biriga bog‘liq savol berishni istardim. Menda futbolchi sifatida JCh—2006 dan qolgan yorqin xotiralar bor. Bu siz uchun qanday bo‘lgandi? Kiyinish xonasiga birinchi marotaba kirib kelganingizni nazarda tutayapman?
Angela Merkel: Bu men uchun qaysidir ma’noda o‘zgacha bo‘lgan. Kansler bo‘lganimdan keyin har doim atrofimda savol aylanardi: “Endi bizda ayol-kansler, balki yomon bo‘lmas, lekin u futbolni tushunarmikin?” O‘shanda 2006-yilgacha ham futbol ko‘rganimni, hatto, Germaniya Demokratik Respublikasi davrida ham futbol tomosha qilganimni tushuntirishimga to‘g‘ri kelgan. Men buni o‘zgacha deb hisoblayman. Axir hozir jamoaga yaqin bo‘lgan ayollar ham bor, bu yaxshi-ku. Hatto, “Bavariya”da ham ayol ishchi bor (Katlin Kryuger — klub menejeri).
JCh—2006 Germaniya obrazini o‘zgartirdi. Chunki odamlar o‘yin-kulgu va xursandchilik bilan o‘z jamoalarini kutib oldi. Ochilish o‘yini Myunxenda bo‘ldi, unda siz to‘p kiritdingiz. Keyin Polshaga qarshi o‘yin bo‘ldi, unda men polshalik hamkasblarim bilan birga o‘tirdim. Bir tomondan jamoangni qo‘llab-quvvatlaysan, boshqa tomondan esa diplomat sifatida juda xursand bo‘lib ketmasliging ham kerak.
Kiyinish xonasi haqidagi savolga kelsam, menga tegishli bo‘lmagan shon-shuhrat bilan o‘zimni bezamaslik men uchun juda muhim edi. Axir men maydonda o‘ynamadim. Lekin meni juda iliq kutib olishdi, men o‘zimni xuddi kiyinish xonasidagilarga halal bermayotgandek his qildim.
Lam: Men uchun kiyinish xonasiga tashrifingiz va aytganlaringiz hamisha o‘zgacha o‘rin tutadi. Lekin sizni to‘g‘ri tushungan bo‘lsam, siz tribunada har doim kanslersiz.
Merkel: Men ham insonman. Riodagi final o‘yini oldidan shunday hayajon bo‘ldiki, meni faqatgina o‘yin starti oldidan xotirjam qabul qilishlariga to‘g‘ri keldi. Vengriyalik hamkasbim Viktor Orban o‘yindan oldin menga shunday dedi: “Tushunarsiz, hammasi qanday yakun topar ekan-a?”
Argentinaliklar juda kuchli edi. Bu meni yanada hayajonlantirardi. Keyin men 113 daqiqa kutishimga to‘g‘ri keldi. Shundagina Viktor Orban men tomon burildi va endi xotirjam bo‘lishim mumkinligini aytdi. Men esa baribir 120-daqiqada ham xotirjam emasdim.
Lam: Hozir futbolda transfer narxlari aqlbovar qilmas darajaga chiqdi. Bu sizni xavotirga solmaydimi?
Merkel: Men futbol va futbolchilarga “qo‘shimcha boshog‘riq” bo‘lmaslik uchun, e’tibor qaratish lozim bo‘lgan ayrim jihatlarni ko‘rmoqdaman. Masalan, ko‘p o‘yinlar va ko‘p reklamalar. Muxlislarning futbolchilar bilan aloqasi, futbolchilarning bir klubdan boshqasiga o‘tishi sabab yo‘qolmoqda. Demak, futboldagi zavqning yo‘q bo‘lib borishidan qo‘rqaman. Klub timsoli bo‘lish ajoyib. Timsollar bitta klubda uzoq muddat o‘ynagan bo‘lishadi.
Lam: Jahon chempionatining Rossiya va Qatarga ishonib topshirilganini qanday baholaysiz?
Merkel: FIFA va UEFA shaffof bo‘lishi kerak edi. Insonlar nimadir qonunga zid tarzda amalga oshirilganidan xavotir olmasliklari kerak. Oxirgi yillarda ishonch yo‘qolgandi. Biz bunday katta musobaqalarni o‘tkazish huquqi faqatgina bizning siyosiy ishonchimizga javob bergan va javob beradigan davlatlargagina topshirilishini tasavvur qila olmaymiz. Lekin minimal talab baribir bajarilishi kerak. Agar stadion qurayotgan insonlar sharoit yaxshi bo‘lmagan holda kam oylik olayotgan bo‘lsa-yu, ularning mehnati sabab boshqa tomon aqlbovar qilmas pul ishlab topayotgan bo‘lsa, biz bunga befarq bo‘la olmaymiz.
Lam: Mening shaxsiy xoldingim bor. Eng muhim savolim shu: o‘z jamoamni qanday yig‘ishim kerak? Sizda hamma narsani gaplashish mumkin bo‘lgan doimiy jamoa bormi? Hech bo‘lmaganda qandaydir bir inson-chi?
Merkel: Meni barcha ma’lumotlar bilan ta’minlashi mumkin bo‘lgan davlat xizmatchilari bor. Bundan tashqari, men bilan o‘z fikrini bo‘lisha oladigan bir necha odamlar ham bor. Siyosatchilarga kuchsiz tomonlarni aytib bo‘lmaydi, degan xavf bor. Shuning uchun nimadir noto‘g‘ri bo‘lsa, nima qilsa yaxshi bo‘lishini menga ayta oladigan insonlarni yig‘aman. Ular jiddiy narsalar ustida bosh qotira oladi.
Lam: Siz turli xil insonlar, masalan, boshqa davlat rahbarlari bilan ishlaysiz. Ba’zida kimdandir jaxlingiz ham chiqib turadimi?
Merkel: Men bu yerda oilam yoki do‘stlarim bilan o‘tirmayapman. Men Germaniya kansleriman. Demak, qarshimda ham u yoki bu davlat rahbari o‘tiradi. Har bir tomon o‘z qiziqishlarini himoya qilishi kerak. Darhol hissiyotlarni bayon qilishdan boshlash noto‘g‘ri. Dastlab o‘zimga savol beraman: nimaga erishishni xohlayapman? Nima qilsam davlatimiz uchun yaxshi bo‘ladi? Tugatish nuqtasi qayerda bo‘lgani ma’qul? Keyinchalik suhbat davomida shular asosida ish ko‘raman.
Odatda umumiy til topishamiz. Aksi bo‘lsa, kelishmovchilik saqlanib qoladi. Bu xuddi futboldagi kabi: sizning raqibingiz “Borussiya Dortmund” yoqimli odam bo‘lishi mumkin. Lekin “Bavariya” “Borussiya”ga qarshi o‘ynayotganida hech qanday muloyimlik yordam bermaydi. Bunda gap qiziqishlar haqida boradi. To‘g‘risini aytganda, qoidalardan chetga chiqmagan holda men o‘zimnikiga ega bo‘lishni xohlayman. To‘liq e’tibor Germaniya uchun nima yaxshi bo‘lishida. Va albatta, Yevropa uchun ham.
Lam: Men hozir erkinlikdaman, yani, klubga yoki mashg‘ulotlarga bog‘liqligim yo‘q. Bundan zavq olyapman. Yo‘lda o‘tadigan kunlar siz uchun qanchalik zerikarli?
Merkel: Men imtiyozli holatdaman, chunki jamoat transportlaridan foydalanmayman. Kunim esa butunlay band. Men tongni boshlayman va hamma yerga o‘z vaqtida yetib boraman. Aytilgan vaqtda belgilangan joyga yetib borsang-u, bu senga vaqtida ketish imkonini bermasa, shuni yomon. Chunki mendan so‘rashadi: sizda yana 5—10 daqiqa bormi, deb. Bunday vaziyatlarga men juda qattiq turaman.
Lam: Biz safar chog‘ida jamoa bilan qarta o‘ynardik. Yo‘lda chalg‘ish uchun sizda fursat bo‘ladimi? Yoki buning uchun alohida mashg‘ulotingiz bormi?
Merkel: Agar juda charchamagan bo‘lsam, ba’zida kitob mutolaa qilaman. Men qartada zo‘r o‘yinchi emasman. Samolyotda ba’zida musiqa tinglayman yoki kino tomosha qilaman. Odatda samolyotda muzokaralardan avvalgi yoki keyingi ishlar ko‘p bo‘ladi. Shunday ekan, bo‘sh vaqt u qadar ko‘p ham emas.
Lam: Ta’tilda telefonimni o‘chirib qo‘ya olishim — omadim. Keyingi kun qaytib qo‘ng‘iroq qilishim mumkin. Siz telefoningizni 100 foiz o‘chirib qo‘ya olasizmi?
Merkel: Yo‘q, o‘chirolmayman. Kansler har doim aloqada bo‘lishi kerak. Dunyoda nimadir ro‘y bersa, mening qayerdaligim, dam olishdaligim yoki yarim kechasi ekanligi rol o‘ynamaydi, men har doim tayyor bo‘lishim zarur.
Lam: Demak, sizda o‘chirish mumkin bo‘lmagan telefon bor...
Merkel: Ha, meni kechki payt ham topish mumkin. Agar telefonni eshitmasam, meni topa oladigan odamlar bor. Hatto, dam olish vaqtimda ham menga bo‘layotgan qo‘ng‘iroqlarni saralaydigan alohida ishchi bo‘ladi. Nimaga tezlik bilan e’tibor qaratishni yoki qaysi ish bir necha soat kutib turishini men hal qilaman. Ba’zida zo‘rg‘a, so‘nggi kuchim bilan yetishgan joyimdan, ya’ni, tog‘ning uchidan telefon qilishim zarur bo‘lib qoladi(kuladi).
Lam: Yilda necha kun Angela Merkelsiz?
Merkel: 365 kun.
Lam: O‘zingizga tegishli bo‘lgan kundalik hayotingiz ham bormi?
Merkel: Siz qachon oddiy odamga aylanishimni nazarda tutyapsizmi? Men doim ishdaman, meni hamisha suratga tushurishadi va so‘rashadi: “Bu yerda u nima qilyapti?”. Bu sizga ham tanish. Men dam olish kunlari ertalabdan kechgacha uyda bo‘lishga, tashqariga chiqmaslikka harakat qilaman. O‘sha kuni ovqat tayyorlayman yoki bo‘lmasa xarid qilgani supermarketlarga chiqaman. U yerda ham rasmga olishadi. Yoqimsiz tajriba tufayli supermarketlarda endi selfi qilmayman. Bu shunday chalkashlikka olib keldi-ki, natijada savatchamda boshqa oziq-ovqatlar paydo bo‘lib qoldi.
Lam: Oxirgi savol, chunki siz saylov arafasidasiz. Bu kun siz uchun qanday o‘tadi? Qattiq asabiylashasizmi? Men uchun hammasi bir o‘yin atrofida bo‘lgan: yoki yutaman yo yutqazaman. Lekin sizda keyingi 4 yillik aniqlab beriladi.
Merkel: Avvalo uxlab olishim kerak, lekin men yaxshi uxlay olmayman. Keyin esa futboldagi katta o‘yinlar kabi: kutasan va hamma narsa o‘tib ketganini bilasan. Shanbagacha yana nimadir qila olaman, keyin esa qilmaganimni gapirmayman. Farqimiz shundaki, siz hal qiluvchi bahsni kutyapsiz, buning uchun sizda bor hamma narsani berishingiz mumkin. Menda TVga chiqish oldidan shunday bo‘ladi, bu xuddi duel kabi. Xalq oldiga intervyu berish uchun chiqasiz chunki. Keyin faqat tomosha qilish va kutish qoladi. Bunisi endi sertifikat topshirish marosimidek gap.
Merkel bilan intervyudan keyin Filipp Lam Bild uchun shunday so‘zlarni yozdi:
Saylovga oz vaqt qolganida kansler bilan suhbatlashish juda qiziq. Menda shunday xulosa qoldi: savollarim va atrofdagi narsalarni ko‘rishim, uni qiziqtirdi. Siyosat va futbol juda farqli narsalar. Shunga qaramay, unisidan ham, bunisidan ham ko‘p narsa o‘rganish mumkin, deb o‘ylayman. Har doim gap JAMOA haqida ketadi. Inson turli pozitsiyalardan turib unga foyda keltirishi mumkin.
Izoh (0)