Rossiyadagi Elbrus tog‘i yonbag‘ridan 1-sentabr kungi seldan so‘ng bedarak yo‘qolgan uchinchi odamning tanasi topildi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
“Baksan daryosi yaqinida, Verxniy Baksan qishlog‘i va Tirniauz shahri orasida qutqaruvchilar tana topdi. U, taxminan, 1-sentabr kunidagi selda bedarak yo‘qolgan uchinchi shaxs”, — ma’lum qildi mahalliy qutqaruv-qidiruv otryadi rahbari o‘rinbosari Albert Xajiyev.
Dastlabki ma’lumotlarga qaraganda, marhum Elbrus qishlog‘i raisi Mussa Japluyevdir.
Muqaddam sel oqibatida uch kishi bedarak ketgani ma’lum qilingan edi. Qidiruv operatsiyasi bir haftadan ko‘proq davom etdi.