Har kuni 60 ga yaqin yaponiyalik o‘z joniga qasd qiladi. Ish va oiladagi muammolar eng ommabop sabablardan biri hisoblanadi. Yaponiya har yili bundan 4 milliard dollardan ortiq zarar ko‘radi, deb yozadi “Gazeta.ru”.
Yaponiya fuqarolarini o‘z joniga qasd qilishga nima majbur qilmoqda?
World Health Observatory ma’lumotlariga ko‘ra, Yaponiya o‘z joniga qasd qiluvchi fuqarolar soni bo‘yicha yetakchi mamlakatlar uchligiga kiradi. Faqat Finlyandiya va Janubiy Koreyada undan ko‘proq o‘z joniga qasd qilish holatlari aniqlangan.
Ta’kidlash joizki, Kun chiqar mamlakatda o‘z joniga qasd qilishlar soni asta-sekin kamaymoqda. 1997-yilda bu ko‘rsatkich 24 391 dan 32 863 holatga keskin oshgan bo‘lsa, 1998-yildan 2011-yilga qadar bu ko‘rsatkich 30 mingdan ortiq bo‘lgan. 2016-yilga kelib bu ko‘rsatkich 22 minggacha qisqardi.
Yaponiya Mehnat vazirligi tadqiqotiga ko‘ra, o‘z joniga qasd qilish bilan bog‘liq holatlar har yili mamlakat iqtisodiyotiga 4 milliard dollardan ortiq zarar yetkazadi.
Vazirlik mutaxassislari zarar summasini 2015-yilda o‘z joniga qasd qilgan 15 yoshdan 69 yoshgacha bo‘lgan 23 ming yaponiyalik 70 yillik faoliyati davomida qanday iqtisodiy ulush qo‘shishi mumkinligidan kelib chiqib hisoblab chiqdi.
Inqiroz o‘z joniga qasd qilishgacha olib boradi
Tadqiqotchilar 2000-yillar oxirida o‘z joniga qasd qilish holatlarining avjiga chiqishi jahon iqtisodiy inqirozi bilan bog‘liq deb hisoblaydi. Hisobotda ma’lum qilinishicha, ishini yo‘qotgan ko‘p sonli kishilar, ayniqsa erkaklar bunday zarbaga dosh bera olmasdan, o‘z joniga qasd qilgan. 1998-yilda ham shunga o‘xshash vaziyat bo‘lgan.
Ta’kidlash joizki, Yaponiyada moliyaviy farovonlikka erisha olmaslik yoki uni yo‘qotish bugungi kunga qadar ham o‘z joniga qasd qilishning ko‘p uchraydigan sabablaridan biri hisoblanadi. 2008-yilda iqtisodiy sabablar tufayli 4 850 nafar yosh yaponiyalik o‘z joniga qasd qildi — bu Yaponiyada 1978-yildan buyon erkaklar orasidagi tegishli o‘z joniga qasd qilishning eng yuqori ko‘rsatkichidir. 2012-yilda 40 yoshdagi 1 138 nafar erkak moliyaviy sabablar tufayli o‘z joniga qasd qilgan.
World Health Observatory’ning yozishicha, oxirgi vaqtlarda ish topa olmagan yoshlar ham o‘z joniga qasd qilmoqda. Gap shundaki, Yaponiyada ishga joylashish amaliyoti o‘ziga xos. Kompaniyalarning aksariyati, qoida tariqasida, universitet va kollejlarni tugatishi lozim bo‘lgan talabalarni ishga oladi. Faqat abituriyentlar uchun ochiq rekruting shunga olib keladiki, bitiruvchilar vakansiya uchun talabgorlik qila olmaydi. Shu tariqa, o‘qish davrida ish topa olmagan kishilar qo‘lida diplomi bo‘lgani holda ishga joylashishda yanada kattaroq qiyinchiliklarga duch keladi.
Uydan chiqmasdan
Yaponiyaning yana bir o‘ziga xos jihati ijtimoiy izolyatsiya hisoblanadi. Ekspertlarning fikricha, ko‘pchilik yaponlar ortiqcha tanishlar orttirmaydi, bu ham joniga qasd qilishga moyillikni kuchaytiradi. “Ijtimoiy moslashgan kishilar muammolarini boshqalar bilan osonlikcha muhokama qilishi mumkin va bu bilan aziyat chekishini yengillashtiradi”, — deyiladi hisobotda.
Yaponiyaliklarning ko‘pchiligida ijtimoiy izolyatsiya keskin ko‘rinishga o‘tadi — ular ijtimoiy munosabatlardan vahimali darajada qo‘rqadi va deyarli uydan chiqmasdan, faqat oila a’zolari bilan muloqot qiladi. Gap xikikomori deb ataluvchi kishilar haqida bormoqda. Stokgolm instituti hisob-kitobiga ko‘ra, mamlakatda bu toifa 1 millionga yaqin. Yaponiya hukumat boshqarmalari kichikroq raqam — 0,5 milliondan ortiq odamni (yoki aholining 1,6 foizi) keltiradi.
Begona kishi bilan muloqot ularda vahima va nazorat qilib bo‘lmaydigan xavotir hissini uyg‘otadi. Depressiya, og‘riqli infantillik va paranoyya ham ko‘p uchraydigan alomatlar hisoblanadi. Bunday kishilar ishsiz bo‘lib, qarindoshlari hisobiga yashaydi.
Yaponiya har yili uydan chiqmaydiganlar hisobiga 1,7 trillion yuan (14,8 milliard dollar) yo‘qotadi.
“Salom, ish”
Statistika bo‘yicha, sog‘liq, ish va oilaviy qiyinchiliklari bor erkaklar eng ko‘p o‘z joniga qasd qiladi.
Muammoni hal qilish, shu bilan birga, iqtisodiy zararni minimallashtirish uchun Yaponiya rasmiylari 2005-yilda o‘z joniga qasd qilishlarning oldini olish shtabini tashkil etdi. 2006-yilda o‘z joniga qasd qilishlarning oldini olish bo‘yicha qonun qabul qilindi, 2007-yilda esa hukumat o‘z joniga qasd qilishlarning oldini olish bo‘yicha Jisatsusougoutaisakutaikou rejasini ishlab chiqdi.
Dasturning asosiy yo‘nalishlari yaponiyaliklarning ijtimoiy dasturlardagi ishtirokini rag‘batlantirish, shuningdek, yaqinlari o‘z joniga qasd qilgan, ayniqsa, o‘z joniga qasd qilishga muvaffaqiyatsiz urinish bilan qayd etilganlarga alohida e’tibor qaratishni o‘z ichiga oldi.
Bundan tashqari, sog‘liqni saqlash va mehnat vazirligining ma’lum qilishicha, yoshlarga ishga joylashish, o‘rta yoshdagi erkaklarga ish o‘rnini tez tiklashga yordam beruvchi xizmat mavjud. Buning uchun Hello-Work (“Salom, ish”) servisi o‘ylab chiqilgan.
Izoh (0)