Joriy yilning 1-avgust holatiga ko‘ra 4369 ta uy o‘z egalariga topshirildi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy matbuot markazida o‘tkazilgan, qishloq joylarida aholini uy-joy bilan ta’minlashga oid amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumanida aytildi, deb xabar beradi O‘zA.
“Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasi bosh direktorining o‘rinbosari A. Tursunov va boshqalar tabdirda ishtirok etdi.
Aytilishicha, belgilangan dasturga muvofiq ayni paytda qurilishi to‘liq tugallangan uylar bosqichma-bosqich foydalanishga topshirilmoqda. Xususan, joriy yilning 1-avgust holatiga ko‘ra, 4369 ta uy o‘z egalariga topshirildi.
Mazkur uy-joylar mamlakatda ishlab chiqarilgan zamonaviy qurilish materiallari asosida barpo etilayotgani, tadbirkorlarning ortiqcha soliqlardan ozod etilgani bois uy-joylar narxi arzonlashgan. Har bir massivning bosh rejasida xizmat ko‘rsatish obyektlari, sport maydonchalari va muhandislik tarmoqlari, hovli qismida bolalar maydoni, uy egalari dam olishlari uchun sharoitlar e’tiborga olingan.
Dasturda narx parametrlari va shinamliligiga ko‘ra yakka tartibdagi uy-joylar namunalarining uchta eng arzon turlarini qo‘shimcha ravishda barpo etish nazarda tutilgan. 2009-yilda qabul qilingan Qishloq joylarda namunaviy loyihalar bo‘yicha yakka tartibda uy-joylar qurish dasturiga ko‘ra uy quruvchining dastlabki badali 25 foizni tashkil etgan bo‘lsa, yangi dasturda ushbu badal birinchi va ikkinchi turdagi uylarni quruvchilar uchun 15 foizdan iborat.
Izoh (0)