JCh—2018 saralashida O‘zbekiston bilan bir guruhdan joy olgan Qatar milliy terma jamoasi hal qiluvchi o‘yinlar oldidan 2 ta o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushdi. Bu haqda O‘FF matbuot xizmati xabar berdi.
Londondagi yig‘in doirasida qatarliklar Andorra termasiga qarshi saf tortib, 1:0 hisobida ustun kelgan. Mazkur bellashuv 17-avgust kuni o‘tkazilgan.
Kecha — 23-avgust kuni qatarliklar Turkmanistonga qarshi o‘yinda maydonga chiqib, 2:1 hisobida muvaffaqiyat qozongan.
Qatar terma jamoasi o‘zbekistonlik futbol muxlislariga JCh—2018 yo‘llanmasi uchun umidni qaytarib bergani bilan eslanadi. O‘zbekiston milliy termasi Tehronda Eronga imkoniyatni boy berganidan so‘ng, qatarliklar o‘z uyida Janubiy Koreyani taslim etib berishga erishgandi. Shu tariqa Samvel Babayan jamoasida Rossiya mundiali uchun imkoniyat yana ko‘paydi. Qiziq tomoni, o‘sha g‘alabadan keyin Qatar termasi bosh murabbiyi Xorxe Fosatti iste’fo berdi. Mag‘lubiyat sabab koreyaliklar ham Uli Shtilikega chiqish eshiklarini ko‘rsatib qo‘ydi.
31-avgust kuni Qatar Malayziyada Suriya termasiga qarshi saf tortadi. 5-sentabr kuni esa Dohada Xitoyni qabul qiladi.
Saralash doirasida Qatar har ikki o‘yinda ham O‘zbekistondan yengilgan.
Izoh (0)