O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Kimyo sanoatini 2017—2021-yillarda rivojlantirish dasturi to‘g‘risida” qaror qabul qildi. Qaror matni davlat rahbari saytida joylashtirildi.
Hujjat mineral-xom ashyo zaxiralarini chuqur qayta ishlash bo‘yicha choralar ko‘rish, eksportga yo‘naltirilgan tayyor kimyoviy mahsulotlar hajmi va turlarini ko‘paytirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorij investitsiyalarini jalb etgan holda mamlakat iqtisodiyoti tarmoqlarini zarur kimyoviy materiallar bilan ta’minlash maqsadida qabul qilindi.
Dastur o‘z ichiga kimyo sanoatini 2017—2021-yillarda rivojlantirish va kimyo korxonalari rentabelligining maqsadli parametrlari, 2017—2021-yillarda kimyoviy mahsulotlarning asosiy turlarini ishlab chiqarishning prognoz parametrlarini o‘z ichiga oladi.
Shuningdek, 2017—2021-yillarda kimyo sanoati korxonalarini qurish, modernizatsiya va rekonstruksiya qilish hamda kengaytirish bo‘yicha investitsiya loyihalari ro‘yxati, “O‘zkimyosanoat” AJ korxonalari ishlab chiqarish sikllari va moliyaviy barqarorligini ta’minlash bo‘yicha choralar kompleksi tasdiqlandi.